Joriy yilning 11-dekabr kuni Nyu-Yorkdan Toshkentga uchgan “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi Sankt-Peterburg aeroportiga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ldi.

Bunga HY102 Nyu-York — Toshkent reysining Boeing 787 havo kemasida 1991-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi tomonidan zo‘ravonlik sodir etilgani sabab bo‘lgan.

IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamentining ma’lum qilishicha, mazkur fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Qayd etilishicha, fuqaro samolyot bortida spirtli ichimlik ichishi natijasida xavfsizlik qoidalariga rioya qilmasdan yo‘lovchi va ekipaj xodimlarining tinchligini buzgan.

Havo kemasining butligini ta’minlash maqsadida ekipaj komandiri tomonidan Sankt-Peterburgda joylashgan “Pulkova” aeroportiga favqulodda qo‘ngan. Fuqaro esa Rossiya aeroporti politsiyasiga topshirilgan.

“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi mazkur holat natijasida $22 244 ming miqdorida zarar ko‘rgan.

Fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq “Uzbekistan Airways” mahalliy yo‘nalishlarga qo‘shimcha parvozlarni tashkil etgandi. Aviaqatnov joriy yilning 23−29 dekabr kunlari oralig‘ida mamlakatning yettitda shahriga amalga oshiriladi.