Avvalroq “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi talabalar uchun 50% chegirma e’lon qilgandi.

Undan joriy yilning 23-dekabridan kelasi yilning 7-yanvarigacha bo‘lgan mahalliy yo‘nalishlardagi parvozlar uchun foydalanish mumkin.

Aviakompaniya mazkur chegirmalarni hisobga olgan holda qo‘shimcha aviaqatnovlarni tashkil etmoqda. Bu haqda “Uzbekistan Airways” matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘shimcha qatnovlar Toshkentdan mamlakatning 7ta shahriga quyidagi sanalarda amalga oshiriladi:

  • Toshkent-Buxoro — 23, 25, 26, 29-dekabr;
  • Toshkent-Nukus — 23, 24, 29-dekabr;
  • Toshkent-Termiz — 23, 25-dekabr;
  • Toshkent-Farg‘ona — 25-dekabr;
  • Toshkent-Urganch — 25, 26, 27, 28, 29-dekabr;
  • Toshkent-Qarshi — 27-dekabr;
  • Toshkent-Namangan — 29-dekabr.

“Uzbekistan Airways Sales” filiali, aviakompaniya agentlari va kompaniya sayti orqali parvozlar jadvali bilan tanishish hamda aviachiptalarni xarid qilish mumkin.

O‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun taqdim etilgan mahalliy yo‘nalishlar uchun chegirmali chiptalarni sotib olishda davlat universitetida o‘qishini tasdiqlovchi hujjat yoki QR kodga ega bo‘lish kerak.

Mahalliy qatnovlarga bayram chegirmalari

“Silk Avia” aviakompaniyasi talabalar uchun barcha yo‘nalishlarga 50% chegirma e’lon qilgandi. Undan 23-dekabrdan kelasi yilning 7-yanvarigacha bo‘lgan parvozlar uchun o‘rta maxsus, professional va davlat OTMlari talabalari foydalanishlari mumkin.

Bundan tashqari, aviakompaniyaning Yangi yil bayrami uchun barcha mahalliy yo‘nalishlarga 40%lik chegirmalari mavjud.

Shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi ham Yangi yil bayramida talabalar uchun chegirma e’lon qildi. OTMda tahsil olayotgan talabalar temir yo‘l hujjatining to‘liq qiymatidan 50% chegirma bilan foydalanishlari mumkin.

Arzonlashtirilgan narxlar joriy yilning 25-dekabridan 2024-yilning 7-yanvarigacha bo‘lgan barcha mahalliy yo‘nalishdagi qatnovlarga amal qiladi. Kompaniya to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha qo‘shimcha poyezd qatnovlarini yo‘lga qo‘ydi.