Avvalroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi talabalar uchun 50% chegirma e’lon qilgandi. Undan keyin ijtimoiy tarmoqlarda chegirma chiptalar sotilib bo‘lingach e’lon qilingani haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

Bu bo‘yicha “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” kompaniyasi rasmiy munosabat bildirib, yo‘lovchilarni bayram oldi kunlarda manzillariga xavfsiz yetkazish va ularga qulaylik yaratish uchun qo‘shimcha poyezdlar qo‘yilishini qayd etdi.

Xususan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” tomonidan to‘rtda — “Toshkent — Urganch”, “Toshkent — Nukus”, “Toshkent — Samarqand”, “Toshkent — Qarshi” yo‘nalishida qo‘shimcha qatnovlarni joriy etish rejalashtirilmoqda.

Kompaniya qo‘shimcha qatnovlar uchun qo‘shimcha vagonlar ulanishini ta’kidlamoqda. Barcha tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilib, bu bo‘yicha batafsil ma’lumot beriladi.

Shuningdek, ASU “Ekspress” tizimida profilaktika ishlari olib borilishi sabab 12-dekabr kuni soat 12:00dan 13:00gacha eticket.railway.uz sayti va barcha chiptaxonalarida texnik tanaffus e’lon qilindi. Tizim 13:00dan keyin ishlashda davom etadi.

Qaysd etilishicha, talabalar tomonidan elektron tarzda 1 sutka mobaynida 1000ga yaqin chiptalar rasmiylashtirilgan. Kompaniya yo‘lovchilardan sarosimaga berilmaslikni so‘ragan.