“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi Yangi yil bayramida talabalar uchun chegirma e’lon qildi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” matbuot xizmati xabar bermoqda.

Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar temir yo‘l hujjatining to‘liq qiymatidan 50% chegirma bilan foydalanishlari mumkin.

Arzonlashtirilgan narxlar joriy yilning 25-dekabridan 2024-yilning 7-yanvarigacha bo‘lgan barcha mahalliy yo‘nalishdagi qatnovlarga amal qiladi.

Biroq, chegirmalar SV /VIP klass vagonlariga va yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdiga taqdim etilmaydi.

Chiptalarni sotib olish uchun pasport bilan temir yo‘l kassalariga tashrif buyurish yoki onlayn tarzda havola orqali xarid qilish mumkin.

Batafsil ma’lumotni 1005 raqami yoki +998 71 299 94 50 ishonch telefoni orqali olish mumkin.

Qatnovlar uchun bayram chegirmalari

Avvalroq “Silk Avia” aviakompaniyasi talabalar uchun barcha yo‘nalishlarga 50% chegirma e’lon qilgandi. Undan 23-dekabrdan kelasi yilning 7-yanvarigacha bo‘lgan parvozlar uchun o‘rta maxsus, professional va davlat OTMlari talabalari foydalanishlari mumkin.

Bundan tashqari, aviakompaniyaning Yangi yil bayrami uchun barcha mahalliy yo‘nalishlarga 40%lik chegirmalari mavjud.

Shuningdek, “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi talabalar uchun 50% chegirma e’lon qildi. Chegirma joriy yilning 23-dekabridan kelasi yilning 7-yanvarigacha bo‘lgan mahalliy yo‘nalishlardagi aviaqatnovlar uchun amal qiladi.