“Silk Avia” aviakompaniyasi talabalar uchun barcha yo‘nalishlarga chegirma e’lon qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 10-dekabridan o‘rta maxsus, professional va davlat OTMlari talabalari aviakompaniyaning barcha mahalliy reyslariga chiptalarni pasaytirilgan narxlarda xarid qilishlari mumkin.

Xususan, 50% chegirma joriy yilning 23-dekabridan 2024-yilning 7-yanvarigacha rejalashtirilgan barcha “Silk Avia” reyslariga amal qiladi.

Shuningdek, chegirma Y va B toifali tariflarda mavjud bo‘lib, aviachiptalarni faqat talabalik guvohnomasini taqdim etgan holda xarid qilish mumkin.

Chegirmali aviachiptani O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlarida, shuningdek, Toshkent shahri, Shota Rustaveli ko‘chasi, 9-uy manzilida joylashgan “Uzbekistan Airways Sales” filialida xarid qilish mumkin.

Avvalroq “Silk Avia” aviakompaniyasi Yangi yil bayrami arafasida barcha mahalliy yo‘nalishlarga chegirma e’lon qilgandi. Yo‘lovchilar mavjud yo‘nalishlarga aviachiptalarni o‘rtacha 40% chegirma bilan xarid qilishlari mumkin.

Shuningdek, “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi talabalar uchun 50% chegirma e’lon qildi. Chegirma joriy yilning 23-dekabridan kelasi yilning 7-yanvarigacha bo‘lgan mahalliy yo‘nalishlardagi aviaqatnovlar uchun amal qiladi.