Umumiy o‘rta ta’lim maktablari rahbariyati va o‘qituvchilariga ustama berish tartibini joriy etishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, o‘qitish va bilimni baholashning yangi tartibi joriy etilgan 500ta maktabning har biriga 2024/2025 o‘quv yilidan 2tadan maktab biriktirilishi belgilanmoqda.

O‘quvchilari ijobiy ko‘rsatkichlarni qayd etayotgan maktablar rahbariyati hamda o‘qituvchilariga ustama beriladi. Buning uchun tavsiya etilgan maktablar ro‘yxati har o‘quv yili yakunida e’lon qilinadi.

Keyingi bir o‘quv yili davomida bu maktabning rahbariyati hamda o‘qituvchilarning tarif stavkasiga nisbatan 40%gacha ustama beriladi.

Sifatli ta’limni ta’minlashda ijobiy natijalarga erishayotgan makta rahbariyati hamda o‘qituvchilariga ustama berish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

Maktablar ro‘yxatini shakllantirish uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining hududiy boshqarmalarida Monitoring guruhlari tuziladi. Maktablar ro‘yxatini shakllantirish ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda Monitoring guruhi tomonidan baholashning yangi tartibi joriy etilgan maktablarning elektron jurnal ma’lumotlari asosida maktab o‘quvchilarining yillik o‘rtacha baholari tahlil qilinadi.

Tegishli hududning jami umumta’lim maktablari soniga nisbatan eng yaxshi natija ko‘rsatgan birinchi 20% maktablar saralanadi. Keyingi bosqichda maktablar guruh tomonidan ma’lum mezonlar asosida tahlil qilinadi.

Monitoring guruhi ikkita bosqich doirasida jami to‘plangan ballardan kelib chiqib, ularning hududlar kesimidagi ro‘yxatini shakllantiradi. Jami to‘plangan ballarga qarab 10%dan 40%gacha ustama belgilanadi.

Ustamalar baholash o‘tkazilgan o‘quv yilidan keyin o‘quv yili — 1sentabrdan boshlab bir yil davomida to‘lanadi.

2023-yilning avgustida 500ta maktabda Prezident va ixtisoslashgan maktablar o‘quv dasturi, baholash tizimi joriy etilishi belgilangandi. Mazkur maktablarning har biriga 3tadan maktabni biriktirib, yangi tizimni yo‘lga qo‘yish topshirildi.