2023-yilning avgust oyida qabul qilingan prezident qarori bilan chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchi xo‘jaliklarga xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramollar uchun subsidiya berilishi belgilangandi.

Hukumat qarori bilan “Chorvachilik xo‘jaliklariga xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkilar uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida"gi nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, chorvachilik xo‘jaliklariga 2025-yilning 31-dekabrigacha davlat tomonidan xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramolning har bir boshiga 2 mln so‘m, nasldor qo‘y va echkining har bir boshiga 400 ming so‘m miqdorda subsidiya ajratiladi.

Subsidiya oluvchi xorijiy davlatdan nasldor qoramolni olib kelgandan so‘ng tuman komissiyasiga subsidiya olish uchun “Agrosubsidiya” orqali murojaat qiladi.

Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilanadi:

  • xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkining kelib chiqishini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
  • nasldor qoramol, qo‘y va echkini sotib olish bo‘yicha tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi va to‘lov topshiriqnomasi nusxasi;
  • bojxona yuk deklaratsiyasi nusxasi;
  • nasldor qoramol, qo‘y va echkilarning elektron identifikatsiya bazaga kiritilganligi.

Subsidiya oluvchining arizasini ko‘rib chiqish uchun to‘lovlar undirilmaydi. Mablag‘lar subsidiya oluvchining bankdagi asosiy hisobvarag‘iga o‘tkazib beriladi.

Mamlakatda chorvachilik mahsulotlarini yetishtirishga ajratiladigan yer maydonlarining o‘lchami oshirilgan. Bunda chorva ozuqasi ekinlarini yetishtirish uchun ayrim hududlarda 0,06 gektardan 5 gektargacha o‘lchamda yer uchastkalari beriladi.

Avvalroq Yaponiya O‘zbekistonda chorvachilikni rivojlantirishga $200 mln ajratishi ma’lum qilingandi. Mablag‘larning $40 mlni terini qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish uchun imtiyozli kredit shaklida yo‘naltiriladi.