Prezident ayrim qonun hujjatlariga dehqon xo‘jaligini yuritish uchun ajratiladigan yer maydonlarining o‘lchamini oshirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzolandi.

Gap Yer kodeksi hamda “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida"gi qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida ketmoqda.

Unga ko‘ra, dehqon xo‘jaligini yuritish uchun chorva ozuqasi ekinlarini yetishtirishga davlat rahbari qarori bilan belgilangan ayrim hududlarda 0,06 gektardan 5 gektargacha bo‘lgan o‘lchamda yer uchastkalari beriladi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.

Avvalroq O‘zbekistonning 25ta tumanida belgilangan yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan chorvachilik klasterlari tashkil etilishi ma’lum bo‘lgandi. Mazkur klasterlarga $60 mln miqdorida kreditlar yo‘naltirilib, g‘alla ekin maydonlarini qisqartirish hisobiga har bir tumanda kamida 100−150 gektar maydon ozuqabop ekinlar ekish uchun ajratiladi.

Joriy yilning 1-dekabridan chorvachilik xo‘jaliklari o‘z ehtiyoji uchun import qilgan nasldor qoramollarga hisoblangan QQSni Qo‘mita kafolati asosida 180 kun ichida to‘lab berish tizimi joriy etiladi.

Sentabr oyi o‘rtalarida Toshkent viloyatida Innovatsion guruh tashkil etildi. Uning maqsadi chorvachilik sohasini iqlim o‘zgarishiga moslashtirish va sut mahsulotlarini ishlab chiqarishga qaratilgan.