2023-yilda O‘zbekistonda 12,3 ming nafar yoshlarning imtihon xarajatlari qoplab berilgan.

Xususan, xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha yuqori ball olgan mazkur yoshlarga 21,7 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi.

“Kelajak kasblari” loyihasi doirasida ta’lim oluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlariga 6 oygacha muddatli o‘quv kurslar uchun har oyda BHMning 4 baravarigacha miqdorda mablag‘ ajratib beriladi. Mazkur loyiha orqali 8 mingdan ortiq yoshlarga 18,1 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi.

Mamlakat miqyosida xalqaro imtihon tizimlaridan yuqori ball (daraja) olgan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlari quyidagi tartibda qoplab berildi:

  • IELTS — 8 275 nafar;
  • TOEFL — 30 nafar;
  • GMAT — 13 nafar;
  • SAT — 960 nafar;
  • rus tili — 2864 nafar;
  • koreys tili — 77 nafar.

Bundan tashqari, qo‘shimcha 9ta test (xorijiy til va imtihon turlari) sinovlarining xarajatlari qoplab berilgan.

Yagona portal orqali xalqaro imtihon topshirish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha xizmatlar to‘liq onlayn amalga oshiriladi. Bunda mablag‘lar bir bank kuni davomida plastik kartaga o‘tkazib beriladi.

Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin. Bunda tegishli tartibda ariza jo‘natish bepul. Hozirda xalqaro imtihon turlari soni 18taga yetgan.

Shuningdek, portal orqal xalqaro IT-sertifikatlarini olish xarajatlarining 50%gacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi. Buning uchun Yagona portal orqali ro‘yxatdan o‘tib, ariza jo‘natish zarur.

Avvalroq xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarning o‘qish hamda sertifikatlarni olish xarajatlarining 60%gacha qismi qoplab berilishi haqida xabar berilgandi.

Shu bilan birga, ingliz tilida B2 va undan yuqori darajadagi sertifikatga ega yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlar olish xarajatlarini to‘liq qoplab berish yo‘lga qo‘yiladi.