26-fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi “Dok-1 Maks” preparati bo‘yicha sudlanuvchilarga nisbatan sud hukmini e’lon qildi.

Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi hamda Dori vositalarini ekspertiza va standartlashtirish davlat markazining sobiq direktori Sardor Kariyev, uning o‘rinbosarlari Amirxon Azimov va Nodirbek Musayev, shuningdek, “Quramax Medical” kompaniyasi rahbari Singx Ragvendra Pratap Jinoyat kodeksi 186−3-moddasi 4-qismining “a” va “b” bandlari, shuningdek, boshqa ayblovlar bilan aybdor deb topildi.

“Quramax Medical” direktori Ragnevdra Pratar (Singh Ragvendra Pratar) esa 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi hamda Dori vositalarini ekspertiza va standartlashtirish davlat markazining sobiq direktori Sardor Kariyev Kariyev 18 yilga qamaldi. Farmagentlik sobiq direktorining o‘rinbosarlari Amirxon Azimov va Nodirbek Musayev 16 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Ularga 2 yil 6 oy muddatga davlat organlarida rahbarlik lavozimlarida ishlash taqiqlandi.

Sud “Dok-1 Maks"dan vafot etgan 68 nafar bola va sog‘lig‘i o‘ta og‘ir ahvoldagi 4 nafar bolaning har biri uchun 1 mlrd so‘mdan ma’naviy zarar undirilishi haqida qaror qildi.

Sog‘lig‘i qoniqarli 4 nafar bola uchun 500 mln so‘mdan, sog‘lig‘i yaxshilangan 8 nafar bola uchun esa 200 mln so‘mdan undirilishi belgilandi.

Nima sodir bo‘ldi

2022-yil dekabr oyida OAV va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari O‘zbekistonda “Dok-1 Maks” tabletkalari va siropi qabul qilinganidan keyin bolalarda asoratlar paydo bo‘lgani haqida xabar berishdi. Birinchi haftalarda preparatni qo‘llash natijasida kamida 20 kishining o‘limi tasdiqlangan.

22-dekabrdan Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi “Dok-1 Maks"ni, 30-dekabrdan esa boshqa “Marion Biotech” preparatlarini sotuvdan olib tashlashga qaror qildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi aholiga “Dok-1 Maks” xavfi haqida ogohlantiruvchi SMS-xabar yubordi.

Davlat xavfsizlik xizmati dori import qiluvchi “Quramax Medical” kompaniyasi va Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi vakillariga nisbatan ish ochdi. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, “Dok-1 Max” va “Ambronol"ning laboratoriya tekshiruvlari qo‘pol qoidabuzarliklar bilan o‘tkazilgan.

Hindiston davlat idoralari ham “Marion Biotech” kompaniyasiga nisbatan tergovni boshladi va laboratoriya tekshiruvi uchun kompaniya zavodidan dori namunalarini olib qo‘ydi. 2023-yil yanvar oyi boshida “Marion Biotech” litsenziyasi to‘xtatilgan edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudi 2023-yil avgust oyidan Hindistonning “Marion Biotech” farmatsevtika kompaniyasining dori-darmonlarini, jumladan, “Dok-1 Maks” yo‘talga qarshi siropini O‘zbekistonda qabul qilish oqibatida kamida 69 nafar bola vafot etgani bilan bog‘liq jinoyat ishini ko‘rib chiqishni boshlagandi. Sud ishida 23 kishi (18 erkak va 5 ayol) ayblanayotgandi.