Avvalroq prezident tomonidan imzolangan tegishli qonun bilan daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun javobgarlik kuchaytirilgani haqida xabar berilgandi.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasiga o‘zgartirish kiritildi. Unga ko‘ra, daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazganlik uchun quyidagi miqdorlarda jarima qo‘llaniladi:

  • fuqarolarga BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha — 8,5 mln so‘mdan 17 mln so‘mgacha (oldin BHM 5−10 baravarigacha edi);
  • mansabdor shaxslarga BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha — 17 mln so‘mdan 25,5 mln so‘mgacha (BHM 10−15 baravarigacha).

Shu bilan birga, xuddi shunday huquqbuzarlik bir yil davomida takror sodir etilsa, quyidagi miqdorlarda jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi:

  • fuqarolarga BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha — 17 mln so‘mdan 25,5 mln so‘mgacha (oldin BHM 10−20 baravarigacha edi);
  • mansabdor shaxslarga BHMning 75 baravaridan 100 baravarigacha — 25,5 mln so‘mdan 34 mln so‘mgacha (BHM 20−30 baravarigacha).

Bunda ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etish quroli bo‘lgan ashyo yoki ma’muriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosi musodara qilinadi/

Mazkur kodeksning 79-moddasi to‘rtinchi qism bilan to‘ldirilib, daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yo‘q qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqan mansabdorlarga ham jarima qo‘llash belgilandi.

Bunda ular BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha — 17 mln so‘mdan 25,5 mln so‘mgacha jarimaga tortiladi.

Shu bilan birga, “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida"gi qonun ham to‘ldirildi. Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesganlik, yo‘q qilganlik uchun yuridik shaxslarga BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha (34 mln-102 mln so‘m) miqdorda moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi.

Avvalroq Soliq kodeksining 227/1-moddasida nazarda tutilgan jarima miqdori 2%ga tushirilgandi. Qo‘llanilgan jarimalar bo‘yicha mavjud qarzdorlikning 98%i hisobdan chiqarilib, qarzdorlikni undirish bilan bog‘liq sud va ijro ishlari tugatiladi.