29-fevral kuni prezident tomonidan imzolangan tegishli qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yo‘q qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqanlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.

Shuningdek, daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik yoki shikastlantirganlik uchun ma’muriy jazo choralari kuchaytirilib, bir-birini takrorlovchi normalar chiqarib tashlandi.

“O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida"gi qonuni bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini noqonuniy ravishda kesgan yoki yo‘q qilgan shaxslarga ham javobgarlik belgilandi.

Bunda qonunga xilof ravishda kesilgan daraxt va buta o‘rniga kompensatsiyaviy daraxt va buta ko‘chatlarini aynan ular kesilgan joyga ekish hamda 3 yil davomida parvarish qilish majburiyati beriladi.

Shu bilan birga, daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini qonunga qarshi kesgan yoki yo‘q qilgan yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi belgilandi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.

2023-yilning noyabrida Qonunchilik palatasi mazkur qonun loyihasini qabul qilgandi. Deputat Odiljon Tojiyev jarimalar miqdori 99 mln so‘mgacha belgilanishini, har bir noqonuniy kesilgan daraxt uchun ekiladigan ko‘chatlar soni 100 tupni tashkil etishini ta’kidlagandi.

Avvalroq hududlar markazlarida Yevro-5 standartiga javob bermaydigan avtomobillarga bosqichma-bosqich cheklov qo‘yilishi ma’lum qilingandi.

Bunda Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida Yevro-5 va undan yuqori standartlariga muvofiq bo‘lmagan avtomobillar harakati cheklanadi.