Prezident raisligida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tarmoqlarida investitsiyalar va eksportni ko‘paytirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Davlat rahbari bundan buyon yig‘ilishlar har bir soha korxonalari vakillari bilan uchrashuv tarzida, ularni qiynayotgan masalalarga yechimlari bilan o‘tkazilishini ta’kidladi.

O‘tgan yili 23 mln tonna meva-sabzavot yetishtirildi, oziq-ovqat sanoatida 86 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Shuncha mahsulotni o‘zidan $5 mlrdlik eksport qilish mumkin.

Lekin iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi komplekslari mutasaddilari va hokimlar ishni to‘g‘ri tashkil qila olmagani, eksportchilar muammosini hal qilmagani uchun eksport $2 mlrddan oshmagani qayd etildi.

O‘tgan yilda Avstraliya, Yangi Zelandiya, Singapur, Kolumbiya, Indoneziya kabi 10dan ortiq yangi bozorlarga chiqildi, mahsulotlar eksport qilinadigan mamlakatlar soni 85taga yetdi.

Lekin, eksportning 80%i 5ta davlat bozoriga to‘g‘ri keladi. Qishloq xo‘jaligi eksportining asosiy qismini “kilosiga $1dan past narxda bo‘lgan bozorlar” tashkil qilmoqda.

Eng ko‘p eksport bo‘ladigan 10 turdagi mahsulotning ulushi jamiga nisbatan 60%ni tashkil qiladi. Tannarx balandligi, ayrimlar daromad ortidan quvib, qadoqlashda sifatsiz mahsulot qo‘shib yuborayotgani oqibatida tashqi bozorda O‘zbekiston mahsuloti nufuziga putur yetayotgani qayd etildi.

1 mln gektar g‘alladan bo‘shaydigan maydon, 508 ming gektar aholi tomorqasi, 260 ming gektar odamlarga bo‘lib berilgan yerlar imkoniyatidan to‘liq foydalanilmayapti. 16ta tuman umuman meva-sabzavot eksport qilmagan.

Paxta ekmaydigan 28ta tumanda eksport ko‘rsatkichlari qoniqarsiz. Bu tumanlarda mahsulot yetishtirish, saqlash, saralash va sotish bo‘yicha eksportchilar hamda dehqonlar o‘rtasida kooperatsiya tizimli yo‘lga qo‘yilmagan.

Meva-sabzavot eksportiga bee’tibor bo‘lgan tuman hokimlari, qishloq xo‘jaligi va eksport bo‘yicha o‘rinbosarlariga qat’iy e’tiroz bildirildi.

Bu yil hududiy dasturlar doirasida mamlakat bo‘yicha oziq-ovqat yo‘nalishida $833 mlnlik 528ta loyihani ishga tushirish reja qilingan. Lekin, 14ta tumanda oziq-ovqat bo‘yicha birorta loyiha yo‘qligi tanqid qilindi.

Oziq-ovqat yo‘nalishidagi ayrim korxonalar aylanmasi uchun mablag‘ ola olmagan, ayrimlari sifat bo‘yicha raqobatga bardosh berolmagan, tejamkor texnologiya o‘rnatmagani uchun tannarx baland bo‘lgan. Mutasaddilar, hokimlar yangi loyiha qilishdan tashqari, tayyor korxonalarga ko‘mak berishni o‘ylamayotgani ko‘rsatildi.

“Bir haqiqatni aniq tushunib olish zarur. Inflyatsiyani jilovlash va valyuta barqarorligini ta’minlash eksport bilan chambarchas bog‘liq. Qanchalik ko‘p mahsulot ishlab chiqarmaylik, eksport uchun kerakli shart-sharoitni yaratmasak, o‘zgarish bo‘lmaydi. Shuning uchun, qanday tashabbus bo‘lsa, barchasini eshitishga tayyorman”, — dedi prezident.

Davlat rahbari sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan muloqot qilib, ularning fikr-mulohazalari va takliflarini eshitdi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida bo‘lib, sohadagi rejalar taqdimoti bilan tanishgandi.