Toshkent shahrining Mirobod tumanida noqonuniy qurilma va inshootlarni demontaj qilish ishlari olib borildi. Bu haqda tuman matbuot xizmati xabar berdi.

15-aprel kuni Mirobod tumani hokimi Anvar Sayfutdinov, tuman prokurori v.b. Umid Abdullayev, tuman IIOFMB boshlig‘i Otabek Xadjayev, tuman hokimining o‘rinbosari Farhod Najmiddinov, tuman MIB, kadastr agentligi va boshqa tashkilotlar tomonidan “Abdulla Avloniy” mahallasining Mirobod ko‘chasidagi noqonuniy qurilmalar o‘rganildi.

Natijada, ko‘p qavatli uylarning birinchi qavati, ko‘cha yuzidagi ovqatlanish hamda savdo shoxobchalarida noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish hamda buzilgan joylarni tartibga keltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

2023-yilning mayida “Spot” “Markaz-1"da yozgi teraslar va muassasalar, do‘konlar va ofislarning kengaytmalari, jumladan, “Chaykof” qahvaxonalaridan biri buzilgani haqida yozgandi.

Undan keyin, poytaxt hokimligi vaziyatga izoh berib, barcha chora-tadbirlar qonunchilik asosida amalga oshirilganini ma’lum qildi. Oktabrda Toshkentda noqonuniy bino va inshootlarni demontaj qilish ishlari olib borildi.

Joriy yilning fevral oyida Toshkent shahar hokimligi poytaxtda noqonuniy qurilma va inshootlarni demontaj qilish ishlari boshlanganini xabar berdi.

Poytaxt hokimligi maishiy va tijorat binolariga ega bo‘lgan fuqarolarni hujjatlarning shaharsozlik me’yorlariga muvofiqligini sinchiklab tekshirishga chaqirildi.

Undan keyin, MIB poytaxtning Taras Shevchenko ko‘chasida joylashgan “Giotto” yozgi “terrasa"sini buzishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi. Tarmoq asoschisi Kemal Kaya noqonuniy binolarni demontaj qilish jarayonida shaffoflik mavjud emasligini ta’kidladi.