Toshkentda noqonuniy bino va inshootlarni demontaj qilish ishlari boshlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

“Amaliyot va tahlillar ko‘rsatganidek, shahar hokimligi va tegishli xizmatlarning ruxsatisiz, yo‘llar bo‘ylab qurilgan binolar aholi uchun xavf tug‘diradi, ya’ni ularda avtoturargoh va to‘xtash yo‘li yo‘q, bu esa haydovchining bir daqiqalik xaridi orqasidan boshqa haydovchilar va piyodalar uchun sezilarli noqulaylik va xavfga sabab bo‘ladi”, deyiladi xabarda.

Poytaxtda tegishli tahlillar o‘tkazilib, ixtisoslashtirilgan xizmatlar tomonidan noqonuniy bino va inshootlarni demontaj qilish ishlari boshlandi.

Shu bilan birga, mazkur binolardan foydalangan tadbirkorlarga qonuniy asosda o‘z faoliyatini davom ettirish uchun sharoit yaratiladi.

Hokimlik maishiy va tijorat binolariga ega bo‘lgan poytaxt aholisini hujjatlarning shaharsozlik me’yorlariga muvofiqligini sinchiklab tekshirishga chaqirmoqda.

Shuningdek, bu turdagi mulkni sotib olayotganda ehtiyot bo‘lish va yuridik xizmat kompaniyalari bilan maslahatlashish so‘ralmoqda. Toshkent shahar kadastr xizmatlari tomonidan beriladigan hujjatlardan tashqari, bino va inshootlar uchun hujjatlarning muqobil turlari mavjud emasligi qayd etilgan.

Potensial xaridning barcha tafsilotlarini aniqlashtirish uchun vakolatli organlarga shaxsan yoki onlayn davlat xizmatlari orqali murojaat qilish zarur.

Batafsil ma’lumotlarni shahar hokimligi matbuot xizmatining 71 210−01−63 telefon raqami orqali olish mumkin.

Joriy yilning may oyida “Spot” Markaz-1'da yozgi teraslar va muassasalar, do‘konlar va ofislarning kengaytmalari, shu jumladan Chaykof" qahvaxonalaridan biri buzilgani haqida yozgandi.

Undan keyin, poytaxt hokimligi vaziyatga izoh berib, barcha chora-tadbirlar mamlakatning amaldagi qonunchiligi asosida amalga oshirilganini bildirgandi.

Nimalar mumkin emas?

Ko‘p kvartirali turar-joy uylarning ichki — tutashtirib qurilgan xonalarida quyidagilarni joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi:

  • 35 o‘rindan ko‘p bo‘lgan, ochiq qo‘ra va mangal ishlatib issiq ovqat tayyorlaydigan, musiqa jo‘rligiga ega ovqatlanish korxonalari;
  • soat 22:00dan keyin ishlaydigan barcha xizmat ko‘rsatish korxonalari;
  • jarayonlari shovqinli va yengil alangalanuvchan materiallar qo‘llaniladigan maishiy xizmat korxonalari.

Shuningdek, turar-joy binolarida rekonstruksiya qilishda quyidagilarga ruxsat etilmaydi:

  • rekonstruktsiya qilinayotgan xonalarda orayopma plitalariga va zinapoya sathlariga ta’sir qiluvchi me’yoriy yuklanishlarni ortib ketishiga sabab bo‘luvchi qurilma va asboblarni qo‘llash;
  • tutash va yuqoridagi (pastdagi) xonalarga zarar yetkazilishini oldini oluvchi maxsus tadbirlarsiz ishlash;
  • evakuatsiya yo‘llarini, boshqa umumiy foydalanish joylarini (zinapoya maydonchalari, umumiy yo‘laklar, pod’ezd, ayvon va boshqa xonalar), shuningdek turar joy binosi atrofidagi hududni to‘sib qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Joriy yilning 1-sentabridan zilzilabardoshlikka ta’sir qiluvchi konstruksiyalarga o‘zboshimchalik bilan kiritilgan o‘zgartirishlarga chora ko‘rilishi belgilangan.