Toshkentda noqonuniy qurilma va inshootlarni demontaj qilish ishlari boshlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yo‘llarning qulayligi va xavfsizligini yaxshilash, dam olish uchun sharoit yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar doirasida piyodalar uchun mo‘ljallangan yo‘llarning qulayligi tahlil qilindi.

Bunda tartibsiz va yagona uslubsiz, shuningdek, ko‘p hollarda tegishli shahar xizmatlari tomonidan beriladigan ruxsatnomalarsiz qurilgan binolar mavjud. Yo‘llar bo‘ylab joylashgan bu binolar aholi uchun xavf tug‘dirishi qayd etilgan xabarda.

Masalan, aksariyat yo‘llarda to‘xtash joylari va yo‘laklari mavjud emas hamda ular piyodalar yo‘laklariga chiqib ketgan tarzda tashkil etilgan. Tahlil natijalari asosida tegishli shahar xizmatlari tomonidan noqonuniy qurilma va inshootlarni demontaj qilish ishlari boshlanmoqda.

Toshkent hokimligi maishiy va tijorat binolariga ega bo‘lgan poytaxt aholisini hujjatlarning shaharsozlik me’yorlariga muvofiqligini yana bir bor sinchiklab tekshirishga chaqirmoqda.

Shuningdek, tadbirkorlar va shahar aholisini mazkur turdagi ko‘chmas mulkni xarid qilishda ehtiyotkor bo‘lishga, yuridik xizmatlar bilan maslahatlashishga chaqirish zarur, deb hisoblaydi.

Kadastr xizmatlari tomonidan beriladigan, ularning chegaralari, maydoni va binolarning turlarini tasdiqlovchi hujjatlardan tashqari, bino va inshootlar uchun hujjatlarning muqobil turlari mavjud emas.

Potensial xaridning barcha tafsilotlarini aniqlashtirish uchun vakolatli organlarga shaxsan yoki onlayn davlat xizmatlari orqali murojaat qilish so‘ralgan xabarda.

Mazkur masalada 71 210 01 63 telefon raqami yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali hokimlik matbuot xizmatiga murojaat qilish mumkin.

6-fevral kuni Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova fuqarolar tomonidan bildirilgan murojaatlarni o‘rgandi. Aholi ko‘p qavatli uylar oldida piyodalar yo‘laklari, ko‘cha yuzidagi ovqatlanish shaxobchalari, savdo do‘kon mas’ullari tomonidan o‘zboshimchalik bilan o‘rab olinayotganligini hamda harakatlanishda qiyinchilik tug‘dirishini bildirgan.

O‘rganish davomida tez tayyor bo‘ladigan mahsulotlarni tayyorlash shaxobchalari sanitariya qoidalariga rioya etmagani aniqlandi. Mirzo Ulug‘bek tumanida ham ishchi guruh tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan noqonuniy qurilmalar, sun’iy to‘siqlar olib tashlandi.

2023-yilning mayida “Spot” “Markaz-1"da yozgi teraslar va muassasalar, do‘konlar va ofislarning kengaytmalari, jumladan, “Chaykof” qahvaxonalaridan biri buzilgani haqida yozgandi.

Undan keyin, poytaxt hokimligi vaziyatga izoh berib, barcha chora-tadbirlar qonunchilik asosida amalga oshirilganini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, oktabrda Toshkentda noqonuniy bino va inshootlarni demontaj qilish ishlari olib borildi.