Istiqbolli loyihalar milliy agentligi “New Life Sug‘urta Kompaniyasi"ning litsenziyasini bekor qildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Bu bo‘yicha agentlikning joriy yil 21-maydagi tegishli qarori qabul qilindi.

Kompaniyaga hayotni sug‘urta qilish sohasining I, II, III va IV klasslari va umumiy sug‘urtaning1 va 2 klasslari bo‘yicha ixtiyoriy va majburiy shakllarda sug‘urta faoliyatini amalga oshirishga 2022-yilning 15-fevralida berilgan seriyasi SF 00029-sonli litsenziyasi 22-maydan bekor qilindi.

“New Life Sug‘urta Kompaniyasi” ilgari tuzilgan sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalari bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini belgilangan tartibda bajarishi shart, deyiladi xabarda.

Sug‘urta bozorini tartibga soluvchining funksiyalari 2023-yilning sentabr oyida agentlikka o‘tkazilgandi.

Shu vaqt ichida agentlik “Unipolis”, “Farovon sug‘urta”, “Sharq sug‘urta” va “Euroasia Life Insurance” sug‘urta kompaniyalarining litsenziyalarini bekor qildi. Yana bir sug‘urtalovchi “Asko-Vostok” litsenziyasini rad etdi.

Shuningdek, regulyator uchta tashkilotning litsenziyalarini to‘xtatdi, ularning oxirgisi dekabr oyida “Omad Sug‘urta” bo‘ldi. Yana sakkiz nafar sug‘urtalovchi normativlarni buzganlik uchun jami 252 mln so‘m jarimaga tortildi. Aprelda “Universal Sug‘urta” kompaniyasining litsenziyasi bekor qilindi.

Fevral oyida NAPP direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak sug‘urta bozorida “nosog‘lom raqobat rivojlanganini” ta’kidlagandi.