“Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi takomillashtiriladi. Bu bo‘yicha 7-sentabr kuni prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, bir loyiha doirasida 300 mln so‘mgacha mikrokreditlarning 100 mln so‘m garovsiz qismi “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” mablag‘lari hisobidan, 200 mln so‘mgacha qismi esa bank va mikromoliya tashkilotlarining o‘z mablag‘lari hisobidan ajratiladi.
Garovsiz ajratilgan 100 mln so‘m doirasida mikrokreditlar bo‘yicha kredit tavakkalchiligini davlat va mikrokredit beruvchilar o‘rtasida taqsimlash yoki ular bo‘yicha kompaniyaning portfel kafilligini taqdim etish joriy qilinadi.
Shu bilan birga, mikrokredit beruvchilar tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan ajratilgan 100 mln so‘mgacha garovsiz mikrokreditlarni qayta moliyalashtirish tizimiga o‘tiladi.
Dastur doirasida 100 mln so‘mgacha garovsiz mikrokreditlar kamida bir yildan buyon faoliyat yuritayotgan va ijobiy kredit tarixiga ega kichik tadbirkorlarga ajratiladi.
Joriy yilning 1-noyabridan kichik tadbirkorlar ro‘yxatdan o‘tgan va faoliyat yuritayotgan hudud toifasidan kelib chiqib, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” tomonidan mikrokredit beruvchilarga quyidagi stavkalarda qayta moliyalashtiriladi:
- 5-toifa uchun — 12,5%;
- 4-toifa uchun — 13,5%;
- 3-toifa uchun — 14,5%;
- 2-toifa uchun — 17%;
- 1-toifa uchun — 18%.
30-avgust kuni prezidentning tadbirkorlar bilan to‘rtinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish to‘g‘risidagi farmoni qabul qilingandi. Unda davlat dasturlari asosida kichik va o‘rta tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga barcha banklar va mikromoliya tashkilotlari jalb qilinishi belgilangan.
Shu bilan birga, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida kichik tadbirkorlikka ajratiladigan 100 mln so‘mgacha garovsiz mikrokreditlar miqdori 300 mln so‘mga oshirildi.
Joriy yilning 20-avgust kuni o‘tkazilgan prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida mikrokreditlar miqdorini 3 barobargacha oshirish ma’lum qilindi. Bunda kreditning 100 mln so‘mgacha bo‘lgan qismiga garov talab qilinmaydi. Bu maqsadga bir yilda 10 trln so‘m beriladi.