Joriy yilning 9-oktabridan O‘zbekistonda qo‘lda terilgan paxta uchun beriladigan haq miqdori oshirildi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Endilikda terimchilar qo‘lda terilgan paxtaning har bir kilogrami uchun 2 500 so‘mdan olishadi.
Qayd etilishicha, mazkur mablag‘ning 2 ming so‘mi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, 500 so‘mi esa klaster hisobidan ajratiladi. Terimchilar dalaning o‘zida mablag‘larni olishadi.
Bungacha qo‘l terimi uchun beriladigan haq har bir kilogrami uchun 1500 so‘mni tashkil etgan bo‘lib, bu ma’lum bir qiyinchiliklarni tug‘dirgan hamda terimchilarni mavsumiy ishga jalb etishda noqulay vaziyatni keltirib chiqargan.
“Oq oltin”
Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilgi tadbirkorlar bilan muloqotda klasterlar 6 trln so‘m zarar ko‘rganini ma’lum qilgandi. Sababi paxta tolasining narxi jahon bozoridagidan ikki baravar yuqori xarid narxi edi.
2023-yilning oktabrida sobiq Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov “hech kim zarar ko‘rmasligi kerak” deya izoh berib, erkin narxlar joriy etishni “zarur” qadam dedi.
Avgust oyida to‘qimachilik korxonalariga paxta xomashyosini xarid qilish uchun imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilandi. Kredit miqdori paxta tannarxining 20%igacha bo‘lib, yillik 10%dan 10 oygacha bo‘lgan muddatga beriladi.
Sentabr oyida hukumat paxtaning minimal narxlarini belgiladi. Barcha birja shartnomalarida bir tonna uchun minimal narx 6,8 mln so‘m miqdorida qayd etildi.
O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasida bir tonna paxta xomashyosining boshlang‘ich fyuchers narxi 7,8 mln so‘m etib belgilandi. Fermer va klasterlar paxtani jahon bozoridagi paxta tolasi kotirovkalaridan kelib chiqib bog‘langan mazkur narxdan pastroq sota olishmaydi.
“Global Textile” to‘qimachilik klasteri rahbari Muzaffar Razoqov “Spot"ga bergan intervyusida minimal narxga qarshi chiqib, buning o‘rniga tavsiya etish yoki narx koridorini belgilashni taklif qildi.
Avvalroq Qishloq xo‘jaligi vazirligi paxta narxi tushirilishi hamda fermerlar majburlanayotganiga munosabat bildirdi. Vazirlik 90%dan ortiq fermerlar kelishuvga asosan o‘z shartnomalarini qayta rasmiylashtirganini, subsidiyaga ega bo‘lib, paxta xom ashyosini umumiy qiymati 7 800 so‘mdan topshirayotganini ta’kidladi.