Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Markaziy Osiyo, Kavkazorti va boshqa postsovet respublikalaridan kelgan mehnat muhojirlari uchun vizalar joriy etilishiga qarshi chiqdi. Bu haqda “RBC” nashri xabar bermoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kirish rejimining kuchaytirilishi Rossiyaning uzoq muddatli manfaatlariga ziddir.
“Ha, albatta, tartib-intizomni nazorat qilish zarur. Migrantlar keladigan bir qator geografik yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘plab qonunbuzarliklar qayd etilgan”, deya ta’kidladi Lavrov Davlat dumasidagi hukumat soatida.
TIV rahbarining ta’kidlashicha, ko‘rilayotgan choralar mehnat migratsiyasiga to‘sqinlik qilish emas, balki aynan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, masala YOIIga a’zo davlatlar elchilari bilan muhokama qilingan va tomonlar migratsiya siyosatini tartibga solish zarurligini tushunishini bildirgan.
1-yanvardan boshlab Rossiyada xorijliklarning vizasiz vaqtincha bo‘lish muddatini yiliga 180 kundan 90 kungacha qisqartiruvchi yangi qoidalar kuchga kirdi. 5-fevraldan boshlab chegarachilar chet el fuqarosi mamlakat xavfsizligiga tahdid soladi deb hisoblasa, mamlakatga kirishni rad etish uchun ko‘proq vakolatlarga ega bo‘ldi.
Avvalroq Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin migratsiyani taqiqlash rejalashtirilmayotganini, biroq rasmiylar chet el fuqarolarining ta’lim, tibbiyot va tarbiya sohalarida ishlash imkoniyatini cheklash zarur deb hisoblashini aytgan edi.
Migratsiya siyosatini qattiqlashtirish
Ayni paytda Rossiya ichki migratsiya siyosatini kuchaytirmoqda. Masalan, mart oyida Rossiya Mehnat vazirligi o‘z mutaxassisligidan tashqari ishlayotgan mehnat muhojirlarini deportatsiya qilishni va ularni vaqtinchalik ishlash uchun maxsus hujjat olishga majburlashni taklif qilgan edi.
“Bundan tashqari, agar bunday xodim tashkiliy ishga qabul qilish ishtirokchisi bo‘lmagan boshqa korxonada ishlash istagini bildirsa, u 15 kun ichida Rossiya hududini tark etishi kerak”, deyiladi xabarda.
Aprel oyida Rossiya Ichki ishlar vazirligi migrantlarning yil davomida qolish muddatini 90 kungacha qisqartirishni taklif qilgan edi. Chet elliklar bo‘lish qonuniyligini elektron tasdiqlamasdan turib, ularning huquqlari cheklanishi mumkin.
Iyun oyida prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov 2016-yildan beri Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soni to‘rt baravar kamayganini ta’kidlagan edi. U bir necha million o‘zbek fuqarolarining o‘z vataniga qaytishini “o‘tkazilayotgan iqtisodiy islohotlar samaradorligi” bilan izohlaydi.
Iyul oyida Rossiya Davlat dumasi mamlakatda bo‘lish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan xorijiy fuqarolarni chiqarib yuborishning yangi tartibi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi.
Sentabr oyida Moskva aeroportlarida 1-oktabrdan xorijliklar uchun qo‘shimcha tekshirish joriy etilishi haqida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Domodedovo, shuningdek, Sheremetevo va Vnukovo aeroportlarida Rossiyaga kelish va jo‘nab ketishda chet elliklarni suratga va barmoq izlarini olish tartibi ishga tushiriladi.
Bundan tashqari, mehnat muhojirlariga oilalarini mamlakatga olib kelishni taqiqlovchi qonun loyihasi tayyorlanmoqda.
“Qarindoshlar va oilalarga kelsak, ular migrant kelgan mamlakatda kutishlari kerak”, dedi Rossiya Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin. “Bu yerga hammani tashishning hojati yo‘q”, deya qo‘shimcha qildi u.