Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonga $35 mln miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi.

Mablag‘lar fuqarolar va xususiy sektorning geofazoviy ma’lumotlardan foydalanishini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish loyihasini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Loyiha davlat xizmatlarini raqamlashtirishni davom ettirishga ko‘maklashadi va butun mamlakat bo‘ylab hududiy rivojlanishga hissa qo‘shadi.

O‘zbekiston hukumati loyihani birgalikda moliyalashtirish uchun $5,7 mln atrofida mablag‘ ajratadi.

“Fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasini rivojlantirishda ma’lum yutuqlarga erishilganiga qaramay, tegishli davlat xizmatlarini takomillashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish zarur”, — deydi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Tatyana Proskuryakova.

Loyiha O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan 2025−2030-yillarda amalga oshiriladi va quyidagi tarkibiy qismlarni o‘z ichiga oladi:

  • fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasini (FMMI) rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash;
  • mintaqaviy va munitsipal darajalarda geofazoviy infratuzilmani mustahkamlash.

Shuningdek, kadastrlar va ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatga olishning integratsiyalashgan axborot tizimi (UZKAD) modernizatsiya qilinadi.

Shu bilan birga, obyektlarning joylashgan joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yagona manzil reyestri yaratiladi, davlat tuzilmalari va xususiy sektor o‘rtasida ma’lumotlar almashinuvi takomillashtiriladi.

Avvalroq Jahon banki elektr tarmoqlarini modernizatsiyasi uchun O‘zbekistonga $100 mlnlik imtiyozli kredit ajratishi haqida xabar berilgandi.

Mablag‘lar elektr uzatish tarmoqlarini qurishga va ularga qayta tiklanuvchi energiya manbalarini integratsiya qilishga yo‘naltiriladi.

Dasturni amalga oshirish uchun Hududiy elektr tarmoqlari (HET) o‘z mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha $50 mln ajratadi.

Jahon banki va Hududiy elektr tarmoqlari tomonidan birgalikda moliyalashtiriladigan yangi dastur doirasida $150 mlnni o‘zlashtirish rejalashtirilgan.