Instagram foydalanuvchilarga boshqa foydalanuvchilarning “Yaqin do‘stlar” (Close Friends) ro‘yxatidan o‘zlarini olib tashlash imkonini beradigan funksiyani ishlab chiqmoqda. Bu haqda Meta TechCrunch’ga ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, bu funksiya hozircha dastlabki ishlab chiqish bosqichida bo‘lib, ommaviy tarzda sinovdan o‘tkazilmayapti.

Ijtimoiy tarmoqdagi “Yaqin do‘stlar” (Close Friends) funksiyasi foydalanuvchilarga hikoyalar, Reels videolari va postlarni barcha obunachilariga emas, balki tanlangan odamlar guruhi bilan ulashish imkonini beradi.

Ushbu funksiya 2018-yilda ishga tushirilganidan beri foydalanuvchilar boshqa bir foydalanuvchining yaqin do‘stlar ro‘yxatidan o‘zlarini olib tashlay olmas edi.

Ichki prototip dastlab rivojlanish bosqichidagi, hali chiqarilmagan funksiyalarni aniqlash bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis Alessandro Paluzzi tomonidan aniqlangan.

Paluzzi tomonidan e’lon qilingan skrinshotga ko‘ra, Meta foydalanuvchilarni agar ular yaqin do‘stlari ro‘yxatidan chiqib ketsa, u ularni o‘z ro‘yxatiga qayta qo‘shmaguncha, o‘sha odamning yaqin do‘stlari ro‘yxatidagi kontentni ko‘ra olmasligi haqida ogohlantiradi.

Ushbu funksiya ma’lum shaxslar ro‘yxatiga kiritilishni istamaydiganlar uchun qulay va kutilgan yangilik bo‘lishi ehtimol.

Instagram’ning asosiy raqobatchilaridan biri — Snapchat — allaqachon foydalanuvchilarga boshqa birovning yopiq (private) hikoyasidan o‘zini olib tashlash imkonini beradi.

Boshqa ichki prototiplarda bo‘lgani kabi, Instagram bu funksiyani qachon yoki umuman ommaviy foydalanishga chiqaradimi-yo‘qmi, hozircha noma’lum.


Avvalroq Spot Instagram, Facebook va WhatsApp’da pulli obunalar sinovdan o‘tkazilishi haqida yozgandi.

Yangi obunalar unumdorlik va ijodkorlikni oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi hamda sun’iy intellekt funksiyalarini kengaytiradi.