Raqobat qo‘mitasi tomonidan fuqarolarning yo‘lkira narxlarining asossiz oshirilishi, onlayn to‘lovlardagi noaniqliklar hamda yangi avtomobillarda aniqlangan texnik nosozliklar bo‘yicha bildirgan murojaatlari o‘rganildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, Andijon viloyatida Asaka-Qoratepa yo‘nalishida transport yo‘lkira narxi sun’iy ravishda oshirilganligi bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazilib, holat bartaraf etildi. Samarqandda yo‘lovchiga nisbatan qo‘pol muomala qilgan va yo‘lkirani ikki marotaba to‘latgan avtobus haydovchisiga qat’iy ogohlantirish berildi.

Qashqadaryoda Yandex Go taksi xizmati orqali fuqaroning plastik kartasidan asossiz mablag‘ yechib olinganligi aniqlanib, fuqaroga mablag‘ to‘liq qaytarib berildi. Bu kabi holat Toshkent shahrida ham kuzatilib, Yandex Go orqali asossiz hisoblangan qarzdorlik va ortiqcha yechib olingan pul foydalanuvchiga qaytarildi hamda qarzdorlik bekor qilindi.

Jizzaxda fuqaroning Cherry Tiggo 7 Pro avtomobilida texnik nosozlik aniqlandi. Holat yuzasidan avtomashina kafolat doirasida ta’mirlab berildi. Buxoro viloyatining Kogon shahridagi 105 va 114-yo‘nalishli taksilar tomonidan yo‘lkira haqi asossiz oshirilgani uchun mas’ul tashkilotga nisbatan ish ko‘rildi.

Raqobat qo‘mitasi “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun bilan har bir fuqaro o‘z haq-huquqlarini himoya qilishda faol ishtirok etishi mumkinligini eslatgan.

O‘tgan yilning dekabrida Toshkentdagi Yandex Go haydovchilari 1 mln so‘mdan ortiq pulni mijozga qaytarishga majbur bo‘lgandi. Kompaniya 2023-yil oxirida O‘zbekistonda mahalliylashtirishni yakunlab, soliq rezidenti bo‘lgan.

Avvalroq o‘zini o‘zi band qilgan taksichilar uchun soliqlar yangi tartibda undirilishi haqida xabar berilgandi. Xizmat ko‘rsatishda daromadlari 100 mln so‘mdan oshgan fuqarolarning soliqlari soliq agentining to‘lov manbaida avtomatik hisoblanadi.