Raqobat qo‘mitasi yo‘lovchi tashuvchilar tomonidan narxlarning oshirilishi va boshqa qoidabuzarliklar yuzasidan bir nechta tekshiruvlar o‘tkazilganini xabar qildi.
Toshkent bo‘yicha nazorat organi boshqarmasiga “Yandex Go” haydovchilari naqd pul olgandan so‘ng yo‘lovchilarning kartalaridan yana yo‘l haqini yechib olgani haqida shikoyatlar tushgan.
Shuningdek, arizachilar “Yandex” orqali buyurtma qilingan taomlar, tortlar va maishiy texnikalarni yetkazib berishda muammolar yuzaga kelgani haqida ma’lum qilishgan — haydovchilar manzilni adashtirishgan, kechikishgan yoki buyurtmani umuman olib kelishmagan.
Tekshiruvlarga ko‘ra, “Global Star” kompaniyasi bilan shartnoma tuzgan qoidabuzar haydovchilar “Yandex Go” ilovasida bloklangan. Qo‘mita mijozlar ortiqcha to‘lagan 1 mln 9 ming so‘mning qaytarilishini ta’minlagan.
Toshkent viloyati transport boshqarmasi Nurafshon — Arancha yo‘nalishida yo‘nalishli taksi xizmatini ko‘rsatuvchi “Davr Trans Servis” firmasi tomonidan narxlar oshirilgani faktini aniqladi. Haydovchilar belgilangan 2800 so‘mlik yo‘l haqi o‘rniga 5−7 ming so‘m undirishgan.
Transport boshqarmasi xodimlari kompaniya 5 mln so‘mdan ortiq asossiz daromad olganini aniqladilar. Kompaniyaga iste’molchilarga ortiqcha undirilgan barcha pullarni qaytarish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Bundan tashqari, Buxoro viloyatida Kogon shahrida qatnovchi “Damas” yo‘nalishli taksi haydovchilari yo‘l haqini oshirganligi yuzasidan shikoyat kelib tushgan. Transport inspeksiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tekshiruvda ularning bir qismi litsenziya va ruxsatnomasiz ishlayotgani aniqlandi.
Avvalroq “Spot” “Yandex Go” ilovaga foydalanuvchilar uchun narxlar tafsilotlarini qo‘shishi haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, funksiya avval Rossiyada, keyin O‘zbekistonda va boshqa mamlakatlarda ishlaydi.