Ateliers Horizons brendining kreativ direktori va Hermès Horizons dizayn-studiyasi rahbari Aksel de Bofor Hermès kompaniyasining birinchi simsiz quloqchinlarini e’lon qildi.Bu haqda Women’s Wear Daily (WWD) internet-portali xabar berdi.
Qo‘lda tikilgan buzoq terisi va Kelly sumkasidan ilhomlangan metall bezak bilan bezatilgan yangi quloqchinlar narxi $15 mingni (Markaziy bank joriy kursi bo‘yicha taxminan 193,2 mln so‘m) tashkil qiladi.
Qayd etilishicha, quloqchin modeli simsiz Bluetooth va simli ulanishlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Minimalistik va o‘ziga xos dizaynga ega simsiz quloqchinlarni yaratish murakkab vazifa bo‘lgani ta’kidlanmoqda, chunki brend Hermès'ning aslligini saqlab qolishga intilgan.
Aksel de Bofor sanoat dizayniga Hermès'ning ba’zi ishlanmalarini kiritish imkoniyati juda qiziqarli ekanligini ta’kidladi.
Hermès'ning birinchi quloqchinlari bu yilning yozida sotuvga chiqadi. Model turli ranglarda taqdim etiladi: shokolad-jigarrang, qora, rogue H, “Berlin moviy” va tabiiy rang.
Ateliers Horizons brendi audiotexnika sohasida gadjetlar ishlab chiqarishni ilk bor amalga oshirayotgani yo‘q. Masalan, 2019-yilda vertikal kolonka taqdim etilgan bo‘lsa, keyinchalik kub shaklidagi kolonkalar, qizil yog‘ochdan yasalgan laklangan DJ stoli va boshqa ko‘plab mahsulotlar ishlab chiqarilgan.
Aprel oyida Spot Hermès LVMH’ni ortda qoldirib, dunyodagi eng qimmat brendga aylangani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, bu LVMH aksiyalari 2025-yilning birinchi choragida zaif sotuvlar tufayli keskin tushib ketganidan keyin sodir bo‘ldi.