Sariosiyo aeroporti 20 yildan so‘ng o‘z faoliyatini tikladi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

30-may kuni aeroport Silk Avia aviakompaniyasining birinchi reysini qabul qildi. Toshkentdan bortida 48 nafar yo‘lovchi bilan uchgan samolyot mahalliy vaqt bilan soat 15:41 da aeroportga kelib qo‘ndi.

Silk Avia Toshkent-Sariosiyo-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha ATR-72−600 samolyotlarida muntazam qatnovlarni haftasiga ikki marta — chorshanba va juma kunlari amalga oshirishni rejalashtirgan.

29-aprel kuni Sariosiyo aeroporti rekonstruksiyadan keyingi birinchi texnik parvozini qabul qildi. Aerodromning sun’iy yuzalarida, ya’ni uchish-qo‘nish yo‘lagi, burilish yo‘lakchasi va samolyotlar uchun turish joylarida kapital ta’mirlash ishlari olib borildi.

Bir oy ichida 1100 kv metr maydon va soatiga 100 nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega yangi terminal qurish ishlari yakunlandi. Aeroport muntazam parvozlarni qabul qilishni boshlashi may oyi boshida ma’lum bo‘lgandi.

Sariosiyo aeroporti 2005-yilda fuqaro aviatsiyasi uchun yopilgan. Havo bandargohi so‘nggi yillarda o‘z faoliyatini tiklagan beshinchi mintaqaviy aeroport bo‘ldi. Avvalroq Mo‘ynoq, Qo‘qon, Shahrisabz va Zomin aeroportlari rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilgandi.

2023-yilning noyabr oyida Shavkat Mirziyoyev Sariosiyo aeroportida fuqaro aviatsiyasi faoliyatini tiklash, 2024-yildan Sariosiyodan Samarqand va Toshkentga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yishni topshirgandi.

O‘tgan yilning sentabrida Silk Avia rahbari Sardor Nurmuhammedov 2024-yilning to‘rtinchi choragida Toshkent-Sariosiyo yo‘nalishida aviaqatnovlar boshlanishini ma’lum qildi. Joriy yil boshida Uzbekistan Airports raisi Javlonbek Umarxo‘jayev yil yakunigacha Sariosiyo va Zarafshon aeroportlarini ishga tushirish rejalarini bildirdi.

Avvalroq Shahrisabz aeroporti rekonstruksiyadan keyin birinchi marta ATR-72 samolyotini qabul qilgani haqida xabar berilgandi. Joriy yilning mart oyida aeroport uchish-qo‘nish yo‘lagi hamda yurish yo‘lagining kapital ta’mirlanishi sababli vaqtinchalik yopilgandi.