Shahrisabz aeroporti rekonstruksiyadan keyin ilk bor o‘rta masofalarga mo‘ljallangan ATR-72 samolyotini qabul qildi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

10-may kuni aeroport Silk Avia aviakompaniyasining ATR 72−600 samolyotida Toshkent-Shahrisabz yo‘nalishida amalga oshirilgan birinchi reysini suv arkasi bilan qabul qildi.

Aviakompaniya 18-maydan boshlab Toshkentdan Shahrisabzga ATR 72−600 samolyotlarida haftasiga to‘rt marta — seshanba, payshanba, juma va shanba kunlari parvozlarni amalga oshira boshlaydi.

2023-yilning oktabrida Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Qashqadaryoni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan yig‘ilishda Shahrisabz aeroportida fuqaro aviatsiyasi yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi.

O‘tgan yilning sentabriga kelib, aeroport 20 yildan so‘ng fuqaro aviatsiyasi uchun ochildi. Silk Avia L-410 havo kemasida Toshkent-Shahrisabz yo‘nalishida muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘ydi.

Joriy yilning 13-mart kuni aeroport 1983-yildan beri foydalanilib kelinayotgan 1554 m uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi hamda yurish yo‘lagining ustki qatlamida ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi sababli 25-martgacha yopildi.

Avvalroq 30-maydan Sariosiyo aeroporti muntazam parvozlarni qabul qilishni boshlashi haqida xabar berilgandi. Silk Avia Toshkent-Sariosiyo yo‘nalishidagi aviaqatnovlarni haftasiga ikki marta — chorshanba va juma kunlari amalga oshiradi.