Shahrisabz aeroportida fuqaro aviatsiyasi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tayotgan yig‘ilishda ta’kidlandi.

1-yanvardan Shahrisabz aeroportiga yangi ATR samolyoti parvozlari yo‘lga qo‘yilib, Samarqand, Buxoro, Xorazm va vodiy viloyatlariga mahalliy reyslar ko‘paytiriladi. Toshkent-Qarshi yo‘nalishida aviareyslar haftasiga 2 martadan 7 martaga oshiriladi.

Natijada, aviachiptalar narxi 2 barobar arzonlashadi, xorijiy va mahalliy sayyohlar oqimi esa 3 barobar ko‘payadi.

Mutasaddilarga “Taxtaqoracha” dovonidan o‘tish talablarini yengillashtirish topshirildi. Kelgusi yilda “Taxtaqoracha” dovonida yangi tonnel va yo‘l qurish loyihasi boshlanadi.

Xitoylik investorlar bilan Samarqand bilan Shahrisabzni bog‘lovchi 30 kilometr yo‘lni ta’mirlash ishlari boshlanadi.

Shuningdek, “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” yo‘lining Qashqadaryodan o‘tgan 100 kilometr qismini ta’mirlashga $122,5 mln jalb qilinadi.

Kelasi yilda xorijiy sayyohlarni 500 mingtaga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Avvalroq prezident 2030-yilgacha mamlakatga 56ta yangi avialaynerlar olib kelinib, aviaparkdagi samolyotlar soni 100taga yetkazilishini ma’lum qilgandi.

Shuningdek, aviaqatnovlar soni 4 baravarga oshiriladi. Barcha aeroportlarda “ochiq osmon” rejimi joriy qilinadi. Hududlardagi 6ta aeroport xususiy-sheriklik asosida yangilanmoqda.

Joriy yilning sakkiz oyida 6ta xususiy aviakompaniya ish boshladi, yangi 23ta samolyot olib kelindi, 20ta xalqaro va 6ta ichki qatnov yo‘lga qo‘yildi.