O‘zbekiston mevalarning yirik importchisiga aylanib bormoqda, deya xabar bermoqda EastFruit portali.
Qayd etilishicha, mamlakatning meva eksporti rivojlanishda davom etayotgan bo‘lsa-da, import shunday tez sur’atlar bilan o‘smoqdaki, bu butun vaziyatni o‘zgartirib yubormoqda.
2021-yildan 2024-yilgacha O‘zbekistonning meva eksporti $341 mlndan $658 mlngacha ko‘tarildi — bu sezilarli darajada, 93%ga yoki deyarli ikki barobar o‘sish hisoblanadi.
Mamlakat uzum, gilos, quruq mevalar va o‘rik kabi an’anaviy mahsulotlar bo‘yicha ko‘plab xorijiy bozorlarda o‘z mavqeini mustahkamlagani ushbu o‘sishda o‘z aksini topmoqda. Ayniqsa, gilosning eksport qiymati 150%ga, ya’ni $20 mlndan $50 mlngacha oshdi.
Biroq shu davrda meva importi $60 mlndan $250 mlngacha ko‘tarildi — bu 317%lik o‘sish bo‘lib, dunyodagi eng tez sur’atlar qatoriga kiradi.
Eksport deyarli ikki baravarga oshgan bo‘lsa-da, import to‘rt baravardan ham ko‘proq o‘sdi. Bu o‘sish banan, sitrus mevalar, ayniqsa mandarin va apelsin, shuningdek yangi olmalarga bo‘lgan talabdan kelib chiqqan.
So‘nggi uch yil ichida importning eng tez o‘sishini ekzotik mevalar emas, balki aynan olmalar ko‘rsatdi. Yangi olma importi bu davrda 17 barobar oshib, 2024-yilda $85 mlndan oshib ketdi.
Banan importi uch barobarga ko‘payib, o‘tgan yilda birinchi marta $100 mlndan oshdi. Mandarin importi banana importidan ham tezroq o‘sdi — uch yil ichida 4 barobarga ko‘payib, deyarli banan importi qiymatiga yetdi va $95 mlnnni tashkil etdi.
Boshqa tez o‘sib borayotgan import toifalari orasida apelsinlar ham bor edi, ularning importi deyarli besh baravar oshib, $25 mlnga yetdi.
Avvalroq EastFruit O‘zbekistonda gilos narxi rekord darajani qayd etgani haqida xabar bergandi.
23-may holatiga yangi gilosning ulgurji narxi 1 kilogrammi uchun 17 ming so‘m bo‘lib, bu o‘tgan yillarga nisbatan kamida 70%ga yuqori hisoblanadi.