Milliy valyutaning to‘satdan mustahkamlanishi, elektr energiyasi narxining oshishi va ishchi kuchi narxining keskin ko‘tarilishi Tojikiston meva eksportining raqobatbardoshligini xavf ostiga qo‘yadi, deya xabar bermoqda EastFruit tahlilchilari.

So‘nggi oylarda Tojikiston somoniysi AQSh dollariga nisbatan kutilmaganda mustahkamlandi. Yil boshida bir dollar 10,93 somoniy atrofida bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yil 30-mayga kelib esa 9,98 somoniygacha tushdi.

Shu bilan bir vaqtda, 2025-yil 1-apreldan boshlab mamlakatda elektr energiyasi tariflari oshirildi. Korxonalar uchun bir kilovatt-soatning narxi QQSsiz 70,35 diramdan 80,90 diramgacha ko‘tarildi, bu 15%dan ziyod o‘sishni tashkil etadi.

Bu holat meva-sabzavotlarni muzlatish va quritish korxonalari uchun juda ta’sirchan, chunki arzon elektr energiyasi ularning asosiy raqobatbardosh afzalliklaridan biri hisoblanadi.

Bundan tashqari, Tojikistonda o‘rtacha ish haqi o‘sishda davom etmoqda. Biroq, ish haqining o‘sishi, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi sohasida sezilarli darajada ko‘zga tashlanmoqda.

Mamlakatda kamroq odamlar meva terimiga borishmoqda, chunki bu juda og‘ir sharoitlarda jismoniy mehnat talab qiladigan ish hisoblanadi. Natijada, bozor ishtirokchilarining aytishicha, 2025-yilda fermerlar bir kunlik ish uchun o‘tgan yilga nisbatan qariyb ikki barobar ko‘p haq to‘lashlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Qayd etilishicha, arzon ishchi kuchi tashqi bozorlarda asosiy ustunlik hisoblangan mamlakat uchun bu raqobatbardoshlikka jiddiy zarba bo‘lmoqda.

Mevalar, jumladan quritilgan va muzlatilgan mevalarning tannarxi keskin oshishi natijasida, eksportchilar foyda keltiradigan bozorlarni topishda qiyinchiliklarga duch kelmoqdalar.

Bu holat eksport hajmining pasayishiga va fermerlar daromadlarining keskin tushishiga olib kelishi mumkin, chunki ular yetkazib beradigan mahsulotlari uchun pastroq narxga rozi bo‘lishga majbur bo‘ladilar.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Tojikiston eksportchilari o‘z raqobatbardoshliklarini saqlab qolish uchun ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, mevalar hosildorligi va sifatini yaxshilashi kerak.

Shuningdek, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda ishchi kuchi xarajatlarini kamaytirish maqsadida ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish yo‘nalishlariga sarmoya kiritishlari zarur.

Ushbu chora-tadbirlar amalga oshirilmasa, mamlakat jahon meva bozoridagi o‘z mavqeini yo‘qotish xavfi ostida qolishi mumkin.


Avvalroq EastFruit O‘zbekiston meva importchisiga aylanib borayotgani haqida yozgadi.

2021-yildan 2024-yilgacha meva importi to‘rt baravardan ham ko‘proq o‘sish bilan $60 mlndan $250 mlngacha ko‘tarildi.