30-may kuni Soliq qo‘mitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashining onlayn formatdagi yig‘ilishida elektron hisobvaraq-fakturalar tizimi bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Kengash a’zolari har bir taklifni batafsil ko‘rib chiqib, ilgari surilgan 11 ta taklifdan 8 tasini qo‘llab-quvvatladi. Shu bilan birga, 1 tasi qisman qabul qilindi, 2 tasi esa ma’qullanmadi.
Elektron hujjat aylanishining “zamonaviylashganini hisobga olgan holda” qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash tartibini belgilovchi 2020-yildagi tegishli nizomni to‘liq qayta ko‘rib chiqish taklifi ma’qullandi.
Alohida faoliyat turlari uchun hisobot oyidan keyingi oyning 10-sanasigacha elektron hisob-faktura (EHF) taqdim etish imkoniyatini ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, korxonalarning bir yillik muddatdan so‘ng EHFga tuzatish kiritish huquqidan qanday foydalanishi mumkinligi bo‘yicha yo‘riqnomalar ishlab chiqiladi.
O‘z kuchini yo‘qotgan bitimlar bilan bog‘liq muammolarni hal etish, maxsus tartibda soliq bazasi aniqlanadigan operatsiyalar uchun alohida hisobvaraq-faktura shakllarini yaratish ko‘zda tutilmoqda. Rad etilgan hisobvaraq-fakturalarni qayta yuborishdagi muammolar bartaraf etiladi.
Ayrim boshqa daromad va xarajatlar uchun bir tomonlama EHFni boshqa elektron hujjatlar bilan almashtirish bo‘yicha takliflar ma’qullandi.
Qo‘llab-quvvatlangan yana bir tashabbus onlayn-marketpleyslar orqali tovar eksport qiluvchilar uchun $5 minggacha daromad bo‘lganda “kiruvchi” QQSni hisobga olish mexanizmini joriy etish bo‘ldi.
Soliq qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Jahongir Abdiyev bu yo‘nalishda tegishli hujjatlar bilan birgalikda texnik yechim ishlab chiqish rejalari haqida ma’lumot berdi. Bu esa elektron tijoratning o‘sib borayotgan segmentini legallashtirish va soliq tushumlarini oshirishga xizmat qiladi.
Jamoatchilik kengashining Elektron ishonchnomani rasmiylashtirish jarayonlarini texnik jihatdan soddalashtirish bo‘yicha takliflari huquqshunoslar bilan kelishilgan holda qayta tayyorlanadi. Normativ hujjatlarni takomillashtirish, avtokameral tahlil formulalarini ko‘rib chiqish hamda ishchi guruhlar tuzish bo‘yicha keyingi harakatlar yo‘nalishlari belgilab olindi.
Avvalroq prezident Soliq qo‘mitasiga to‘langan QQS uchun keshbek qaytarishdagi tushunmovchiliklarni tartibga solishni topshirgani haqida xabar berilgandi.