O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi pasaydi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Regulyator Amerika valyutasining rasmiy kursini 12 831,81 so‘m etib belgiladi. Kun davomida kurs 25 so‘m 54 tiyinga pasaydi.

May oyida milliy valyuta dollarga nisbatan 164,9 so‘mga yoki 1,28% ga qimmatlab, 12 768,26 so‘mni tashkil qildi. Oy davomida dollar 12 900 so‘mdan yuqori pozitsiyani saqlab qoldi va 17-apreldan beri birinchi marta 12 980 so‘mlik chegarani kesib o‘tdi. Biroq, 27−30 may kunlari milliy valyuta keskin 170 so‘mdan ko‘proqqa mustahkamlanib, may oyini 2024-yil 4-oktabrdan beri eng yuqori ko‘rsatkich bilan yakunladi.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov Spot’ga bergan izohida 2025-yilda milliy valyuta kursining barqarorligi sabablarini tushuntirgandi.

“Birinchidan, [dollar] kursiga pul o‘tkazmalari oqimining ko‘payishi ta’sir qiladi. Ikkinchidan, bizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar yaxshi kirib kelmoqda. Uchinchidan, birinchi chorakda import ilgargi katta ta’sir ko‘rsatgan darajada o‘smadi. Shuningdek, oltinni hisobga olmaganda tovarlar eksporti ham oshdi”, — dedi Markaziy bank rahbari o‘rinbosari.

Avvalroq yanvar-mart oylarida O‘zbekistonning davlat qarzi $2,22 mlrdga oshib, $42,4 mlrddan ortiqni tashkil etgani haqida xabar berilgandi.