Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Toshkent-Sharqiy aeroporti qurilishi bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Hozirda yuqori martabali mehmonlar hamda biznes-aviatsiya uchun ikkita terminal, perron va angarlar barpo etilmoqda.

Uzbekistan Airways boshqaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezident yo‘lovchilar uchun sifat va qulaylikka alohida e’tibor qaratish bo‘yicha topshiriq berganini qayd etdi.

Uning qayd etishicha, Toshkent-Sharqiy aeroporti biznes aviatsiyasini rivojlantirish va investitsiya muhitini yaxshilashga yordam beradi. U ICAO III-A toifasiga ega O‘zbekistondagi birinchi havo uzeli bo‘ladi. Bu esa tuman va ko‘rish nolga teng bo‘lgan sharoitda ham parvozlarni qabul qilish imkonini beradi.

“Aeroportni yaqin kunlarda [foydalanishga] topshiramiz. Oxirgi 7−8 yilda yillik yo‘lovchilar oqimi o‘rtacha 20 barobarga oshdi. Hozirda Toshkent xalqaro aerportida kuniga 10 dan ortiq charter reyslar amalga oshiriladi. Ularning barchasi yangi havo bandargohiga ko‘chiriladi”, — dedi Shuhrat Xudoyqulov.

aeroprot, shuhrat xudoyqulov, toshkent-sharqiy aeroporti, uzbekistan airways

Taqdim etilgan bosh rejaga ko‘ra, yangi havo bandargohining umumiy maydoni 561 gektarni tashkil etadi. Yo‘lovchi terminali soatiga 100 kishigacha xizmat ko‘rsatadi. Aerodrom perronida bir vaqtning o‘zida 23 ta ikki palubali Boeing-747 samolyotlari sig‘ishi mumkin bo‘ladi.

Sobiq harbiy aerodrom negizida yangi havo bandargohi qurilishi 2017-yilda boshlangan. Loyihaning amalga oshirilishi mavjud aeroportga tushadigan yukni kamaytirishi kutilmoqda. Bo‘lajak aerodrom poytaxt va Yangi Toshkent uchun transport tuguni vazifasini bajaradi.

Ishlarning birinchi bosqichi, ya’ni 4 km uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagini yangilash ishlari 2023-yilda yakunlandi. Aerodrom eng og‘ir samolyotlarni qabul qilishi mumkin.

Bungacha davlat rahbari 2023-yilning iyul va 2024-yilning sentabr oylarida Toshkent-Sharqiy aeroporti qurilish maydonchasiga tashrif buyurgandi. Prezident terminallarning tashqi ko‘rinishi va delegatsiyalar uchun qulayliklarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriqlar bergan.

Avvalroq O‘zbekiston va Ummon o‘rtasida haftasiga 50 tagacha reys amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi.