BYD kompaniyasi avtomobil savdosining sekinlashishi va bozorda ortiqcha transport vositalari mavjudligi sababli Xitoyda ishlab chiqarishni qisqartirmoqda. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Nashr manbalariga ko‘ra, kompaniya tungi smenalarni bekor qilgan va to‘rtta korxonada ishlab chiqarishni kamida uchdan bir qismga qisqartirgan, shuningdek, yangi ishlab chiqarish liniyalarini ishga tushirishni muzlatib qo‘ygan.

Qaror agressiv narx chegirmalariga qaramay, ombor zaxiralarining to‘planishi fonida qabul qilindi va BYD’ga Tesla’dan savdo hajmi bo‘yicha o‘zib ketishga imkon bergan jadal o‘sishning mumkin bo‘lgan to‘xtatilishini ko‘rsatadi.

BYD vaziyatga izoh bermasa-da, tahlilchilarning ta’kidlashicha, bu savdo maqsadlariga erisha olmagani va xarajatlarni optimallashtirishga urinish bo‘lishi mumkin.

Kompaniya o‘tgan yilgi rekord darajadagi 4,27 mlndan so‘ng 2025-yilda 5,5 mln dona avtomobilni asosan ichki bozorda sotishni rejalashtirgan edi.

Biroq, 2025-yil aprel va may oylarida ishlab chiqarishning o‘sish sur’atlari keskin sekinlashib, mos ravishda 13% va 0,2%ni tashkil etdi — bu 2024-yil fevralidan beri eng yomon ko‘rsatkichdir.

Shu bilan birga, Xitoyda “nol milyali” deb ataladigan eski mashinalar niqobi ostidagi yangi mashinalarning “kulrang” eksporti tobora kuchayib bormoqda.

Avtomobil konveyerdan chiqqandan so‘ng darhol Xitoyda ro‘yxatdan o‘tkaziladi, raqam beriladi, so‘ngra darhol ishlatilgan deb rasmiylashtiriladi va chet elga — masalan, Rossiya, Markaziy Osiyo yoki Yaqin Sharqqa jo‘natiladi.

Hujjatlarga ko‘ra, u allaqachon “ishlatilib kelingan” deyilsada, aslida esa bir kun ham harakat qilmagan. Bu avtomobil ishlab chiqaruvchilarga sotuvni qayd etish va talab qilinmagan zaxiralardan xalos bo‘lish imkonini beradi.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 20 ta provinsiya ushbu mashinalarni eksport qilishni rag‘batlantirish uchun maxsus litsenziyalar beradi, soliqlarni qaytarishni tezlashtiradi va eksport infratuzilmasini rivojlantiradi.


Avvalroq Spot BYD yil oxirigacha Denza premium brendini O‘zbekiston bozoriga olib kelishi haqida yozgandi.

BYD Central Asia boshqaruvchi direktori Ivan Sao BYD’ning mintaqadagi faol ishtiroki boshqa Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilarini jalb qilishga yordam berishini qayd etdi.