Ilon Mask tomonidan asos solingan sun’iy intellekt startapi xAI rekord darajadagi $10 mlrdlik investitsiyalarni jalb qildi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.

Mablag‘larning yarmi kafolatlangan obligatsiyalar va muddatli kreditlar sotuvidan, qolgan $5 mlrd esa kapital ulushi evaziga strategik investorlardan kelgan.

Bitimni nazorat qilgan Morgan Stanley taklif sezilarli darajada oshib ketganini ta’kidladi — qarz vositalariga jahonning yetakchi investorlari katta qiziqish bildirgan.

Bankning qayd etishicha, obligatsiyalarga bo‘lgan talab taklifdan oshib ketgan. Ushbu bosqichdan so‘ng xAI bahosi $120 mlrdgacha ko‘tarilishi mumkin, agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, ba’zi investorlar hozirdanoq kompaniyani $200 mlrdga baholamoqda.

Taqqoslash uchun: xAI’ning asosiy raqibi OpenAI mart oyida $300 mlrd baholanish asosida $40 mlrd mablag‘ jalb etgan. Claude chat-botini ishlab chiqaruvchi va yana bir muhim o‘yinchi hisoblangan Anthropic esa $61,5 mlrdga baholangan hamda may oyida $2,5 mlrdlik kredit liniyasini qo‘lga kiritgan.

Jalb etilgan mablag‘lar infratuzilmani kengaytirishga: ma’lumotlar markazlarini qurish, Grok flagman modelini rivojlantirish va yangi Colossus superkompyuteri uchun NVIDIA va AMD chiplarini sotib olishga sarflanadi.

Hozirning o‘zidayoq xAI 200 mingdan ortiq kompyuter o‘rnatdi. Memfisda GPU va million chipga ega ma’lumotlar markazini qurish rejalashtirilgan.

Kompaniya Grok’ni rivojlantirishni davom ettirmoqda va fevral oyida Grok 3.0 modelini taqdim etdi. Mask bu modelni raqobatchilarning siyosiy jihatdan to‘g‘ri sun’iy intellektidan farqli o‘laroq, “haqiqatni maksimal darajada izlaydigan” deb ta’riflaydi.

Grok allaqachon X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘i bilan integratsiyalashgan bo‘lib, xAI uni mart oyida $33 mlrdga sotib olgan. Mart oyida chat-bot Telegramda ham foydalanishga berildi, keyinchalik messenjer asoschisi Pavel Durov va Ilon Mask Grok’ni to‘liq integratsiya qilish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

2023-yilda tashkil topganidan buyon xAI $14 mlrd mablag‘ jalb qildi, biroq 2025-yil martiga kelib uning balansida atigi $4 mlrd qolgan edi. Aynan o‘sha paytda Mask o‘z kompaniyasiga X ijtimoiy tarmog‘ini (avvalgi Twitter) sotdi. Natijada, birlashgan guruhning bozor qiymati $113 mlrdni tashkil etdi.