2025-yilning birinchi yarmida AQSh texnologiya kompaniyalari sun’iy intellektni faol joriy etgani uchun 94 mingga yaqin xodimni ishdan bo‘shatdi. Bu haqda Final Round AI portali xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, ommaviy qisqartirishlar yanvar oyidan boshlanib, Microsoft, IBM, Amazon kabi yirik korporatsiyalarga ta’sir ko‘rsatdi.

aqsh, ishdan bo'shatish, sun'iy intellekt, xodimlar

Manba: Trueup

Ayrim kompaniyalar ishdan bo‘shatishni bir necha bosqichda amalga oshirgan bo‘lib, xodimlarni sun’iy intellekt texnologiyalari bilan almashtirishni davom ettirish niyatlarini bildirmoqda.

Qisqartirishlar avvalo kadrlar bo‘yicha mutaxassislar, qo‘llab-quvvatlash xizmatlari, kontent mualliflari va ish beruvchilar nazarida sun’iy intellekt yordamida osonroq avtomatlashtirilishi mumkin bo‘lgan boshqa lavozimlarga ta’sir qildi.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, ishdan bo‘shatishlar inqiroz yoki moliyaviy qiyinchiliklar sababli emas, biznesning foydaliligini oshirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Misol uchun, Microsoft 2025-yilning birinchi choragida daromadini 13%ga ko‘paytirib, $70,1 mlrdga yetkazdi, ayni paytda 15 mingga yaqin ish o‘rnini qisqartirdi va xodimlar sonini oshirishdan voz kechdi.

Bunday tendensiya IT-sanoat va kasaba uyushmalari xodimlari orasida xavotir uyg‘otmoqda.

Mutaxassislar ishsizlik muammosi yanada keskinlashishi mumkinligi va mehnat bozorini yangi voqelikka moslashtirish zarurligi haqida ogohlantirmoqda.


Avvalroq Spot ayrim OAVlar Google qidiruvidagi sun’iy intellekt tizimidan shikoyat qilishgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, sun’iy intellekt ma’lumotlarida kontentdan noto‘g‘ri foydalanish OAV uchun trafik va daromadning yo‘qolishiga olib keladi.