Wizz Air aviakompaniyasi Abu-Dabidagi faoliyatini to‘xtatayotganini e’lon qildi. Bu haqda aviatashuvchi rasmiy veb-saytida xabar berdi.

“Wizz Air Holdings’ning strategik qaroriga ko‘ra, Wizz Air Abu Dhabi 2025-yil 1-sentabrdan boshlab o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Operatsiyaning so‘nggi kuni 31- avgust kuni bo‘ladi”, — deyiladi aviakompaniya bayonotida.

Qayd etilishicha, 31-avgustdan keyin uchib ketadigan yo‘lovchilarning puli 7 kun ichida dastlabki to‘lov usuli orqali qaytariladi.

Parvozlar to‘xtatilgandan keyingi sanalarga rejalashtirilgan qaytish reysiga ega yo‘lovchilarga ertaroq qaytish reysiga o‘zgartirish yoki pulni qaytarib olish uchun murojaat qilish imkoniyati taqdim etiladi.

Reuters nashrining yozishicha, dushanba kuni kompaniya Yaqin Sharqqa keng ko‘lamli kengayish rejalardan voz kechdi. Bunga sabab sifatida so‘nggi paytlardagi geosiyosiy beqarorlikni ko‘rsatdi.

Mazkur beqarorlik havo hududlarining tez-tez yopilishi va ish jarayonidagi uzilishlarga olib keldi. Bu esa sayohatlarga bo‘lgan talabga salbiy ta’sir ko‘rsatdi va zarar ko‘rayotgan bo‘linmaning tiklanishiga umid yo‘qligini anglatadi.

Wizz Air — Vengriyaning arzon aviakompaniyasi bo‘lib, shtab-kvartirasi Vengriya poytaxti, Budapeshtda joylashgan.

Sharqiy Yevropalik sayohatchilar uchun Vengriyada tashkil etilgan Wizz arzon aviakompaniyasi avvaliga G‘arbiy Yevropaga kirib bordi. So‘ngra, olti yil oldin Abu-Dabida o‘z bazasini ochdi.

Joriy yilning fevralida Wizz Air O‘zbekistonda qo‘shma aviakompaniya tashkil etmoqchi ekanligi haqida xabar berildi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov aviakompaniyaga Toshkent va Budapesht o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishni taklif etdi.

WizzAir loukosteri 2022-yilning yozida O‘zbekiston bilan muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishga kelishgandi. Undan keyin aviakompaniyaga Abu-Dabidan Toshkent va Samarqandga parvoz qilishga ruxsat berildi.

O‘sha yilning dekabr oyida BAA poytaxti va Samarqand o‘rtasida parvozlarni boshladi. 2023-yilning yanvar oyidan esa aviatashuvchi Toshkentga ham qatnovlarni yo‘lga qo‘ydi. Mart oyida Toshkent va Samarqandga parvozlar sonini oshirishi ma’lum qilindi. Iyunga kelib O‘zbekiston tomoni Abu-Dabi va Buxoro o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni tashkil etishni taklif qildi.