Buxoro viloyati delegatsiyasi “WizzAir” aviakompaniyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi, deya xabar berdi viloyat madaniyat va turizm boshqarmasi.

Tomonlar O‘zbekistonga sayyohlarni jalb qilish uchun yangi reyslar tashkil etishni muhokama qildi. Mehmonlar aviatashuvchi rahbarlariga viloyatning sayyohlik salohiyati, Buxoro xalqaro aeroporti imkoniyatlari bilan tanishtirdi.

Jumladan, delegatsiya Abu-Dabi-Buxoro-Abu-Dabi yoʻnalishida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarni tashkil etishni taklif qildi. Kompaniyaning tijorat menejeri Krislen Keri tashabbusni qo‘llab-quvvatladi, deyiladi xabarda.

Bundan avval prezident viloyat hokimligiga BAA, shuningdek, Saudiya Arabistoni, Isroil, Bangladesh, Indoneziya, Malayziya kabi mamlakatlarga sayyohlarni jalb qilish uchun o‘z vakillarini yuborish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

“WizzAir” aviakompaniyasi 2022-yil yozida O‘zbekiston bilan muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yishga kelishib olgandi.

Avgust oyida loukoster aviakompaniya Abu-Dabidan Toshkent va Samarqandga parvoz qilish uchun ruxsat olgan edi.

Dekabr oyida BAA poytaxti va Samarqand o‘rtasida parvozlar boshlangan. Yanvar oyida aviatashuvchi Toshkentga ham parvozlarni amalga oshira boshladi.