Iqtisodiyot va moliya vazirligi avtomobilni boshqarish uchun ishonchnomaga alohida band kiritishni taklif etdi. Bu band ishonchli shaxsga avtomobilni chet elga olib chiqishga ruxsat beradi.
Qaror loyihasiga ilova qilingan tushuntirish xatida ta’kidlanishicha, mazkur hujjat avtomobil va mototsikl egalari huquqlarini himoya qilish maqsadida ishlab chiqilgan.
Bunga sabab bo‘lgan omillardan biri ishonchli shaxslar tomonidan avtomobillarni sotish uchun chet elga olib chiqish holatlari ko‘payib borayotgani bo‘ldi.
2024-yil davomida ishonchnoma egalari boshqa shaxslarga tegishli 50 ga yaqin avtomashinalarni qaytarib olib kirmasdan xorijga olib chiqib ketgan. Birgina joriy yilning iyun oyida 8 ta shunday holat qayd etildi.
Qaror bir qancha normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutadi. Masalan, Avtomototransport vositalari bilan bog‘liq bitimlarni rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ishonchli shaxslarning avtotransport vositasini chet elga olib chiqish huquqi bor-yo‘qligi haqidagi ma’lumotni alohida yozma ravishda ko‘rsatish zarurligini kiritish taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, ishonchnoma shakliga va uni rasmiylashtirish uchun so‘rovnomaga avtotransport vositasini O‘zbekistondan tashqariga olib chiqish huquqi to‘g‘risidagi band kiritiladi. Tegishli maydonda bandlardan biri (“ha” yoki “yo‘q”) belgilanishi kerak.
Nizom loyihasi bilan tanishish va unga fikr bildirish uchun Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali 5-avgustgacha tashrif buyurish mumkin.
2022-yil sentyabr oyida o‘zbekistonliklar YIDXP orqali avtomobilni boshqarish uchun ishonchnoma olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Vazirlar Mahkamasi 2023-yil noyabr oyida elektron ishonchnomani rasmiylashtirish reglamentini tasdiqladi, bu unga qog‘oz versiyasi bilan bir xil yuridik kuch beradi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda eskirgan avtomobillardan foydalanishni to‘xtatish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.
YHXX boshlig‘i Sherzod Ibragimov ishlab chiqarilganiga ko‘p yillar bo‘lgan transport vositalari ekspluatatsiyasi bo‘yicha alohida tartib ishlab chiqilishini ma’lum qildi.