Hukumat qarori bilan “Avtomototransport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomani elektron shaklda rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, avtomototransport vositasiga ishonchnoma ariza beruvchi tomonidan “Yagona portal"dan foydalangan holda, o‘zining va ishonchnoma berilayotgan shaxs (lar)ning biometrik pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi hamda jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami ma’lumotlarini kiritish orqali mustaqil ravishda rasmiylashtiriladi.

Davlat xizmati “Notarius” AATdan foydalangan holda “Yagona portal” orqali ko‘rsatiladi.

Ishonchnoma ariza beruvchining xohishiga ko‘ra 1 oy, 6 oy va 3 yil muddatgacha beriladi.

Ariza beruvchi so‘rovnomada ko‘rsatilgan avtomototransport vositasining mulkdori bo‘lmasa, ishonchnoma rasmiylashtirilmaydi va ishonchnomaga kiritiladigan shaxslar soniga cheklov o‘rnatilmaydi.

Ishonchnomani elektron shaklda rasmiylashtirish uchun davlat boji uning amal qilish muddatidan kelib chiqqan holda, “Davlat boji to‘g‘risida"gi Qonunida ishonchnomani notarial tasdiqlash uchun belgilangan davlat bojiga nisbatan quyidagi foizlarda undiriladi:

  • 1 oygacha bo‘lgan muddatga — 10%;
  • 1 oydan ortiq va 6 oygacha bo‘lgan muddatga — 50%;
  • 6 oydan ortiq va 3 yilgacha bo‘lgan muddatga — 100%.

Elektron shaklda QR-kod qo‘yilgan holda rasmiylashtirilgan ishonchnoma notarial tasdiqlangan ishonchnoma bilan bir xil yuridik kuchga egadir.

Ishonchnoma quyidagi holatlarda bekor qilingan hisoblanadi:

  • ishonchnomaning amal qilish muddati tugaganda;
  • ishonchnomani bergan shaxs tomonidan bekor qilinganda;
  • ishonchnoma rasmiylashtirilgan vaqtdan so‘ng ishonchnomani bergan shaxs muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yo‘qolgan deb topilganda yoxud u vafot etganda;
  • ishonchnoma berilgan shaxs (lar) muomalaga layoqatsiz, muomalaga layoqati cheklangan yoki bedarak yo‘qolgan deb topilganda yoxud u vafot etganda;
  • ️avtomototransport vositasining mulkdori o‘zgarganda.

Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin.


Avvalroq “Spot” yangi avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ishonchnomani onlayn olish xizmati ishga tushirilgani haqida yozgandi.

Xizmat yuridik shaxslarga taqdim etilib, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan Chevrolet avtomobillarini ro‘yxatdan o‘tkazish, davlat raqam belgisi va “texpasport” uchun to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.