Endi yuridik shaxslar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan “Chevrolet” avtomobillarini ro‘yxatdan o‘tkazishda ishonchli vakil uchun ishonchnomani Yagona portal orqali elektron rasmiylashtirib, navbatdagi davlat raqam belgisi va “texpasport” uchun to‘lovlarni ham masofadan amalga oshirishlari mumkin.

Bu bo‘yicha yangi xizmat ishga tushirildi. Buning uchun arizachi quyidagi ma’lumotlarni to‘ldirishi kerak:

  • yangi avtotransport vositasining shartnoma raqami;
  • avtotransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yuridik shaxsning ishonchli vakili ma’lumotlari.

Ariza bosqichlari yakunida avtotransport vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda Davlat raqam belgisi hamda texpasport uchun 2 ta to‘lov ustuni shakllanadi.

Avtotransport vositasining davlat raqam belgisi uchun to‘lov:

  • Yagona portal orqali topshirilganda miqdori — 450 ming so‘m (1.5 BHM)

Avtotransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma uchun to‘lov:

  • Yagona portal orqali topshirilganda miqdori — 210 ming so‘m (0.7 BHM)

To‘lovlar amalga oshirilgach, ma’lumotlar Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga yuboriladi. Yakuniy natijada ishonchli vakil uchun QR kodli ishonchnoma shakllanadi.

Endi ishonchli vakil Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining istalgan bo‘limiga tashrif buyurishi mumkin. U yerda inspektor tomonidan avtotransport vositasi ma’lumotlari arizadagi ma’lumotlar bilan solishtiriladi.

Shundan so‘ng avtotransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma (texpasport) hamda Davlat raqam belgisi taqdim etiladi.

Xizmat sinov tariqasida ishga tushirilgan bo‘lib, unga doir takliflarni xizmatning istalgan qadamida qoldirish mumkin.

Shuningdek, mazkur xizmat auksionda yutib olingan va muzlatib qo‘yilgan davlat raqam belgilarini yangi avtotransport vositasiga rasmiylashtirish uchun tatbiq etilmaydi.

Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin.


30-yanvardan Yagona portal orqali eski haydovchilik guvohnomalarini onlayn almashtirish xizmati ishga tushirilgandi. Undan foydalanish uchun 210 ming so‘m miqdorida to‘lov amalga oshiriladi.