bali, shaxsiy tajriba, sayohatMalika Ravshanova,

Spot jurnalisti.

Bali — turistik maskan bo‘lib, Indoneziyaning provinsiyalaridan biri hisoblanadi. Mahalliy aholiga maktab paytidan ingliz tili o‘rgatilgani bois ular bilan muloqot qilish qiyin bo‘lmadi.

Bundan tashqari Nusa Dua, Ubud, Changu kabi tumanlarda tub aholidan ko‘ra turistlarni ko‘proq uchratasiz: ular orasida rus tilida muloqot qiluvchilar ham talaygina. Havo harorati 30 darajadan oshmaydi, namlik kuchli, shuningdek, Bali ekvatorga yaqin joylashgan.

Chipta xarajatlari

Avvallari, Baliga sayohat qilmoqchi bo‘lsangiz Malayziya, Turkiya yoki Dubayda transfer qilishingiz kerak bo‘lgan — chipta narxi taxminan $3000 ga tushgan.

Bugungi kunda Qanot sharq airlines tomonidan Toshkent-Bali-Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yilgan. Uchish davomiyligi 9 soatdan oshiq, chipta narxi — $1025.

Biz harakatlangan reys Toshkent — Denpasar yo‘nalishi bo‘yicha Toshkent vaqti bilan tungi 00:38 da osmonga ko‘tarilgan bo‘lsa, 9:40 larda Denpasar aeroportiga qo‘ndi — bu vaqtda Balida soat 12:40 edi (Toshkent vaqtidan 3 soat oldinda). Qaytishda Denpasar — Toshkent yo‘nalishi bilan harakatlandik: reys Bali mahalliy vaqti bilan 14:10 da belgilangandi, biroq reys kechiktirilib samolyot 23:40 da osmonga ko‘tarildi.

Foto: Malika Ravshanova/Spot

Denpasar aeroportga yetib kelganimizdan so‘ng, viza uchun odam boshiga $35 dan to‘lov qilindi. To‘lovdan so‘ng mamlakatga kirish deklaratsiyasi ham to‘ldiriladi. Bunda pasport, yuk bagaji, reys raqami haqidagi ma’lumotlar kerak bo‘ladi: agar uni to‘ldirmasangiz nazorat punktidan o‘tkazishmaydi.

Nazorat punktiga yaqinlashganingizda bannerlarda QR-kodlarni ko‘rasiz. Uni telefoningda skaner qilsangiz, onlayn deklaratsiya ochiladi. Kerakli ma’lumotlarni kirgizib bo‘lgach, ekraningizda QR-kod paydo bo‘ladi: uni skrinshot qilib oling. Nazorat punktida o‘tirgan mas’ul odamga skrinshot ko‘rsating va uni safar oxirigacha o‘chirmaganingiz ma’qul.

Pullari

Pul birligi — Indoneziya rupiyasi. Bu davlatdagi yana bir qiziq hodisa dollar kursining kuniga o‘zgarib borishi. Mahalliy aholi bilan gaplashganimizda odatda hafta boshlarida dollar kursi yuqori bo‘lib, hafta oxirida ancha past bo‘lishini aytishdi.

Aeroportga kirishda va ko‘chaning ko‘p joylarida pul almashtirish markazlari mavjud. Aeroportda 1$ — 14 500 IDR, ko‘chada $ — 16 750 IDR.

Ko‘chada pul almashtirayotganda — pulni ko‘z oldingizda sanab berib, sizdan uni tekshirib olishingizni so‘rashadi. So‘ng o‘zlari qayta sanab, pulni berishadi.

Aynan mana shu yerda ehtiyot bo‘lish kerak, pulingiz shu joyida o‘z-o‘zidan “kamayib” qolishi mumkin. Kuta tumanida kurslar balandroq va pul almashtirish markazlari ko‘p: mana shu hududda pulni almashtirib olgan ma’qul.

Yashash

Kuta. Kuta tumani — syorfing, shahar shovqini ichida yashashni yoqtiradigan insonlar uchun dam olish maskani. Bu yerda birinchi to‘xtagan joyimiz Kuta Beach sohili yaqinida joylashgan The Stones mehmonxonasi bo‘ldi. Mehmonxonada ikki kun qoldik.

Narxlar kuniga $176 dan boshlanadi. Uning ichiga ertalabki nonushta, tushlik kiradi. Undan tashqari mehmonxona hududi yaqinida basseyn, sport zal, sauna va turli o‘ynash uchun joylar joylashgan.

Agar mehmonxonada massaj olmoqchi bo‘lsangiz narxi — $21 dan $62 gacha. Shu hududga yaqin joydagi Kristina Spa’da esa massaj narxi $4 dan boshlanib $17 gacha.

Foto: Malika Ravshanova/Spot

Sanur. Sayohat davomida eng yoqtirgan tumanlarimdan biri: ayni vaqtda shovqinli va ayni vaqtda juda kam sokin, faqat dengiz shovqini eshitilib turadi. To‘xtagan joyimiz Bali hukumati tomonidan Sanur tumanida qurilgan Bali beach mehmonxonasi bo‘ldi.

Ko‘rinish, struktura jihatdan bosha mehmonxonalardan farq qiladi. Bu shahardagi eng baland bino hisoblanib, boshqa bunday binoni uchratmaysiz. Sababi, mehmonxona bitgandan so‘ng, Indoneziyaning birinchi prezidenti Sukarno yangi qoidani amaliyotga tatbiq qiladi. Unga ko‘ra, yangi qurilayotgan binolar kokos daraxtidan baland bo‘lmasligi kerak bu “Balandlikni cheklash qonuni”, deb ataladi.

Mehmonxona kuniga $265 dan boshlanadi. Ichiga ertalabki nonushta, tushlik kiradi.

Foto: Malika Ravshanova/Spot

Nusa Dua. Baliga mehmonxonada qolib, “sokinlik"da dam olish hamda dengizdan zavqlanish ilinjida borayotgan bo‘lsangiz bu tuman to‘g‘ri keladi. Uchinchi manzilimiz Nusa Dua tumanidagi Mulia Resort mehmonxonasi bo‘ldi. Narxi kuniga $542 dan boshlanib, ichiga ertalabki nonushta, tushlik kiradi.

Ubud. To‘rtinchi manzilimiz Ubud shahrida joylashgan Arkamara dijiwa Ubdu mehmonxonasi bo‘ladi. Atrofida do‘konlar, ovqatlanish joylarini topish qiyin — asosan, mehmonxona ichida ovqatlanish uchun restoran, kafelardan foydalangan ma’qul. Kuniga $584 dan boshlanadi.

Xona ichida kerakli jihozlar mavjud, faqat tungi vaqtda hasharotlarni haydovchi chiroqlarni yoqib qo‘yishni unutmaslik kerak: agar xonada bo‘lmasa, ishchi xodimdan so‘rasangiz olib kelishadi (bo‘lmasa ularning o‘ljasiga aylanasiz).

Shuningdek, bu yer — maymunlar shahri. Ularning aksariyati juda agressiv, qo‘lingizda nima ko‘rsa olib qo‘yishi mumkin.

Foto: Malika Ravshanova/Spot

Ungasan. Bu tumanda biz Renaissance Bali Uluwatu hotel’da qoldik. Bu borgan mehmonxonalarimiz orasida yaqinda qurilib, ishga topshirilgan, bu tumandagi ko‘p mehmonxonalar faoliyatini yaqinda boshlagan, deydi bizga hamrohlik qilgan gid. Mehmonxona kuniga $199 dan boshlanadi.

Tabiat qo‘ynida “yashillikni” his qilib hordiq chiqarmoqchi bo‘lsangiz bu manzil mos kelishi mumkin: odamlar kam, mahalliy aholini deyarli uchratmaysiz.

Ovqatlari-chi?

Bu yerda turli xil, asosan, guruch, dengiz mahsulotlari hamda banan qo‘shilgan taomlarni uchratish mumkin. Agar Balida birinchi kun bo‘lsangiz unda birdaniga barcha ovqatlarni tatib ko‘rishga shoshilmang (oshqozoningizga bu yoqmasligi mumkin).

Bundan tashqari, yeguliklarida qandaydir ta’mni ham his qilasiz: mahalliy aholi maxsus ziravorlardan ko‘p foydalanishadi — agar sizga taomda ziravor kam, deb aytishsa, demak unda katta ehtimol bilan ziravorlar ko‘p bo‘ladi.

Ko‘chadagi Papa’s beach cafe’sida kechki ovqat — 2 kishi uchun o‘rtacha $32 ga tushdi. Padma Resort Legianda 4 kishi ichimlik olgan bo‘lsak, 10% xizmat haqi bilan jami $20 ga tushdi. Agar sohil bo‘yida yoki biror bir restoranda, kafeda ovqatlanmoqchi bo‘lsangiz 10% miqdorida qo‘shimcha xizmat haqi olinadi.

Bu yerga kelganda salqin ichimliklarni ichib ko‘rish kerak, undan tashqari desertlari juda ham ajoyib.

Foto: Malika Ravshanova/Spot

Muzqaymoqlar — $2, salqin ichimliklar $3 dan boshlanadi (ba'zi do‘konlarda karta orqali to‘lov qilmoqchi bo‘lsangiz — $12 dan oshsa 3%, undan kam bo‘lsa $0,3 qo‘shimcha haq olinadi).

Aloqa

Balida internet bilan muammoga uchramaysiz — deyarli barcha mehmonxona, kafe va restoranlarda bepul Wi-Fi lar mavjud. Men O‘zbekistonda bo‘lgan vaqtimda Yesim ilovasini telefon qurilmamga yuklab olib, onlayn internet xarid qildim.

Ilova orqali tariflar quyidagicha edi: 7 kunga 3 GB — $12, 15 kunga 5 GB — $15,6, 7 kun cheksiz — $33,6, 15 kun — $51,6. Denpasar aeroportida esa 300 GB — $15, 200GB — $15.

$12 ga tarif xarid qilib, internet bilan muammoga uchramadim — faqat Nusa Penida Island’da internet deyarli ishlamadi.

Yesim orqali internet xarid qilgandan so‘ng uni samolyotga chiqishdan oldin faollashtirgan ma’qul. Agar chiqmasdan oldin faollashtirilsa, o‘zingizning mavjud raqamingizdagi aloqa uzilib qoladi.

Transport

Kuta beach, Nusa Pinida Island, Sanur da avtobus yoki boshqa transport vositalarini kam uchratasiz. Yo‘llar tor, ba’zi joylarda harakat faqat bir tomonlama, lekin aylanma yo‘llar juda ko‘p.

Bu yerda Grab ilovasi mavjud. Agar ko‘chada taksi tutsangiz qimmatga tushasiz: 3 km joyga $6, ilova orqali esa 5 kmga $5 to‘ladik. Yana bir qiziq holat — agar qaytimni so‘ramasangiz uni ko‘p hollarda berishmaydi.

bali, shaxsiy tajriba, sayohat

Foto: Malika Ravshanova/Spot

Eng qulay transport vositasi bu motobayk — kuniga $20 ga ijaraga olish mumkin. Ko‘pchilik turistlarda motabay haydash uchun ruxsatnoma yoki tajriba bo‘lmasa, ularni ijaraga berishmaydi. Bundan hollarda motobayk haydovchisi rulda o‘tirib, orqada sizga joy beradi.

Hadiyalar

Kuta, Sanur, Ubudda sovg‘alar arzon hamda ko‘chaning ko‘p joylarida mahalliy aholi tomonidan ochilgan do‘konlarni uchratish mumkin. Kuta beach tomondan suvenirlarni $2 dan ko‘rgan bo‘lsam, Sanurdagi Icon Bali mall’da — $1 (odatda ko‘chada arzon bo‘lardi, lekin bu yerda aksi).

Bu vaziyatda tashqaridan emas, balki mall’lardan xaridni amalga oshirsangiz ancha arzonga tushasiz.

Foto: Malika Ravshanova/Spot

Mahalliy mahsulotlar orasida eng ommalashganlari Bali qahvalari — $5, avokado tamli qahva — $7, vanilligi — $7, mangosteen choyi — $7. Odatda turistlar aynan ularni sovg‘a sifatida xarid qilishadi.

Samolyotimiz vaqti kechiktirilgandan so‘ng Denpasar aeroportini aylanib chiqishga ko‘p vaqtimiz bo‘ldi: sovg‘alarni aeroportning o‘zidan xarid qilsangiz ham bo‘ladi, narxlar mall va ko‘chadagi bilan deyarli bir xil.

Qayerlarga borsa bo‘ladi?

Nusa Penida Island: Diamond va Atuh beach. Balidagi eng chiroyli joylardan biri — diamond beach (Olmos sohil). Sohil Baliga yaqin orolchada joylashgan, unga masxus kemalarda yetib borish mumkin: odatda ko‘pchilik bir kunlik turni sotib oladi. Tur narxi $275 atrofida.

Orolga yetib kelganingzdan so‘ng olmos sohilga yetib borish uchun 40 daqiqa mashinada harakatlanasiz — agar tirbandlik bo‘lsa 1 soatga ham borishi mumkin. Yo‘llar juda xavfli, tor va notekis.

Nusa Penida orolida bizga hamrohlik qilgan Srii ismli qizning aytishicha, orolga mehmonlar ko‘p keladi. Bu yerda taxminan 3 ta maktab joylashgan, OTMlar esa umuman yo‘q: aholi oliy ta’lim uchun Indoneziyaning o‘ziga borishadi. Bu orolda 3 kun qolishning o‘zi yetarli, narxlar Balidan ancha qimmat, deydi u.

Sohilga yetib kelgandan so‘ng parkovka uchun $6, kirish uchun $3 to‘lov qilinadi. Kirishingiz bilan 2 ta dengizni ko‘rasiz: chap tomonda Atuh beach, o‘ng tomonda — Dimond beach. Lekin kirish qismi tepalikdan joylashgani hisobiga pastga tushishingiz kerak bo‘ladi: zinalar xavfli, dengizning kuchli shamoli ham bor.

bali, shaxsiy tajriba, sayohat

Foto: Malika Ravshanova/Spot

Blanco uyg‘onish davri muzeyi. Muzey Ubud shahrida joylashgan bo‘lib, kirish narxi $6. Unda Blanco tomonidan chizilgan asl nusxadan rasmlar, qo‘l yozmalar, ish stollarini ko‘rish mumkin.

Don Antonio Maria Blanco — 1911-yilda Filippin shahrida tug‘ilgan. 1952-yilga kelib Bali oroliga ko‘chib kelib, mahalliy raqqosa Ni Ronjiga uylanadi. Hayotining qolgan qismini Balida o‘tkazadi.

Uning eng mashhur asarlari “The Dream of Ni Ronji”, “Bali dancer” hisoblandi. Muzey ichida rasmga olish taqiqlanadi — suratga olish uchun maxsus studiya tashkil qilingan.

Foto: Malika Ravshanova/Spot

Bali botanika bog‘i. Botanika bog‘i Ubuddan 30 daqiqalik uzoqlikda tog‘lar orasida joylashgan. Chipta narxi kishi boshiga $0,9. Bu yerda ko‘p odamlarni uchratdik, bog‘ hududida piknik qilishga ham ruxsat berilgan.

Botanika bog‘ini oxirigacha aylanib chiqishga ulgurmadik: hududi 157,5 gektar. Unda 300 dan ortiq orxideya, 87 turdan iborat bambuk bog‘i, 188 ta turni o‘zida jamlagan kaktus oranjereyasi, Bali dorivor o‘simliklarining 300 dan ortiq turi va ko‘plab noyob o‘simlik, hayvonlarni uchratish mumkin.

Foto: Malika Ravshanova/Spot

Tanah Lot xrami. Aynan mana shu yerda birinchi marotaba Balida quyosh botinishini tomosha qildik. Kirish narxi $5.

Bu yerda yana bir e’tibor tortadigan jihat ularning xramlari hisoblandi. Ularni qurishda qoraytirilgan toshlardan foydalaniladi. Deyarli har bir uyning ichida o‘z xramlari mavjud. Lekin turistlarga ularning ibodatlarida ishtirok etishga, xram ichiga kirishga ruxsat berilmaydi.

Foto: Malika Ravshanova/Spot