O‘zbekistonda 2025-yilning 6 oyida 28 538 nafar jismoniy shaxs elektr tarmoqlariga o‘tkazilgan quyosh energiyasi uchun budjetdan subsidiya oldi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Bunda fuqarolarga 63,5 mlrd so‘m (Markaziy bank kursi bo‘yicha $5 mlndan ortiq) to‘lab berilgan. Ajratilgan subsidiyalar soni 93,9 mingtani tashkil etadi. Shundan 26,5 mingtasi iyun oyida ajratilgan.
Subsidiyaning eng katta qismi Xorazm viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda — 19,1 mlrd so‘m. Keyingi o‘rindan 9,7 mlrd so‘m to‘lovlar bilan Qoraqalpog‘iston joy olgan. Kuchli uchlikni fuqarolarga to‘langan 4,9 mlrd so‘m subsidiya bilan Toshkent shahri egalladi.
Maʼlumot uchun, subsidiyani Soliq mobil ilovasi, Keshbek va imtiyozlar xizmatining Quyoshli xonadon bo‘limidagi Kartaga pul o‘tkazish oynasi orqali bank kartasiga o‘tkazib olish mumkin.
Aholidan elektr sotib olish
2023-yil boshida prezident aholi uchun quyosh energiyasidan foydalanuvchi tizim yaratish vazifasini qo‘ydi. Undan keyin hududlarda aholi xonadonlariga kichik quvvatli quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshirilishi belgilandi.
Dastur 1-apreldan amalga oshirila boshlandi. Uning doirasida quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasi bir kVt/soati uchun 1 000 so‘mdan davlat tomonidan sotib olinadi. Subsidiyalarni “Soliq” mobil ilovasi orqali olish mumkin.
O‘sha yilning iyun oyida aholi va tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan elektrni sotish va unga subsidiya olish tartibi tasdiqlandi.
2024-yilning iyun oyida energotejamkor qurilmalarni o‘rnatganlarga tarifga nisbatan chegirma berilishi ma’lum qilindi. Ularga 3 yil davomida amaldagi tarifga nisbatan 15% chegirma qo‘llaniladi.
2025-yilda aholi xonadonlari, kichik tadbirkorlik subyektlari va ijtimoiy soha obyektlarining kamida 40%ida quyosh panellari va suv kollektorlarini o‘rnatish rejalashtirilmoqda. 2027-yilgacha bu ko‘rsatkichni 50% ga yetkazish belgilandi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda bir oyda rekord darajada “yashil” energiya ishlab chiqarilgani haqida yozgandi. Bir oyda quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi 1 mlrd 246 mln kVt/soatga yetdi.