Avvalroq Shavkat Mirziyoyev yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Soliq maʼmurchiligini takomillashtirish va raqamlashtirish, biznesga qo‘shimcha yengilliklar berish, mehnat munosabatlarini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Prezidentning iqtisodiy siyosat masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilinganini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 1991-yildan beri YIMni hisoblashda kuzatilmaydigan iqtisodiyotning faqat norasmiy qismi inobatga olib kelingan. 2024-yilda esa birinchi marta yashirin iqtisodiyot hajmi hisoblab chiqilib, YIMning tarkibiy qismi sifatida qabul qilindi.

Mamlakatda yashirin iqtisodiyot hajmi 120 trln so‘mdan ortiqqa baholanmoqda hamda bu qishloq xo‘jaligi, qurilish hamda xizmatlar sohalarida yuqori ko‘rsatichga ega.

ish haqi, kuzatilmaydigan iqtisodiyot, norasmiy iqtisodiyot, obid hakimov, prezident, yashirin iqtisodiyot

O‘z navbatida, 2016−2017-yillarda yashirin iqtisodiyot hajmi 50−55% ni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda bu 35% gacha qisqargan. Prezident maslahatchisi o‘rinbosarining ta’kidlashicha, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga kambag‘allikni qisqartirish siyosatining mantiqiy davomi sifatida qarash mumkin.

Shuningdek, Obid Hakimovga ko‘ra, oxirgi yetti yilda mamlakatda norasmiy bandlik darajasi kamaygan — 2017-yildagi 60% (7,9 mln norasmiy band ishchi) dan 2024-yilda 38% gacha (5,4 mln).

Hozirda 22% korxonalarda norasmiy ishchilar mavjud bo‘lib, ular jami xodimlarning 13%ini tashkil etadi. Sohalar kesimida umumiy ovqatlanish sohasida norasmiy ishchilar soni yuqori — 39%. Undan keyingi o‘rinlarda qurilish (29%), qishloq xo‘jaligi (25%) hamda savdo (17%) sohalari bor.

“Rasmiy ishlayotgan xodimlarning oylik ish haqi norasmiy faoliyat yuritayotgan ishchilarning oyligiga nisbatan 1,3 mln so‘mga yuqori. Hozirgacha 18% holatda tadbirkorlar soliq va boshqa to‘lovlardan qochish maqsadida ish haqini konvertda beradi”, — dedi u.

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligida rasmiy xodimlarning ish haqi norasmiy ischilarnikiga nisbatan 1,5 mln so‘mga ko‘p. Bu savdoda 1,3 mln, qurilishda 1,27 mln hamda yashash va ovqatlanish xizmatlarida 1,1 mln so‘mni tashkil etadi.

ish haqi, kuzatilmaydigan iqtisodiyot, norasmiy iqtisodiyot, obid hakimov, prezident, yashirin iqtisodiyot

ITIM direktorining qayd etishicha, so‘rovnomada ishtirok etgan tadbirkorlarning 49%i norasmiy bandlikning asosiy sababi sifatida xarajatlarning pastligini keltirgan. 36% respondent oson ishga olish va bo‘shatish imkoniyati mavjudligini, 33%i mavsumiy ishchilarga ehtiyojni tez qondirish mumkinligi hamda 13%i soliq majburiyatining mavjud emasligini ta’kidlagan.

Yig‘ilishda prezident ilgari surilgan takliflar tadbirkorlarga og‘irlik keltirishi kerak emasligini qayd etib, ularga jarima va jazolarsiz xarajatlarni pasaytirish va ishga olish hamda ishdan bo‘shatish imkoniyatlarini yengillashtirish, mavsumiy ishchilar bilan ishlashda usullarni qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Kuzatilmaydigan iqtisodiyot norasmiy va yashirin iqtisodiyotga bo‘linadi. 2024-yilda O‘zbekistonning kuzatilmaydigan iqtisodiyoti hajmi 505,65 trln so‘mni tashkil etdi. Shundan norasmiy iqtisodiyot hajmi 383,64 trln so‘mga, yashirin iqtisodiyot esa 122 trln so‘mga teng bo‘ldi.

Joriy yilning olti oyida esa kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi 265 trln so‘mdan ortiqqa yetdi. Shundan 75% dan ortig‘i — 201,28 trln so‘mi norasmiy iqtisodiyot hissasiga to‘g‘ri keladi. Tarmoqlar tarkibida qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi yetakchilik qilmoqda.

Spot, avvalroq, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun 2030-yil 31-dekabrgacha bo‘lgan muddatga alohida huquqiy rejim joriy etilishi haqida yozgandi.