Universal Mobile Systems mobil aloqa operatorini (Mobiuz) xususiylashtirish jarayonida 15 ta xalqaro va mahalliy kompaniyalar ishtirok etmoqda. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Kompaniya ustav kapitalidagi 100% davlat ulushini sotish jarayonlarida keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot tadbirlari amalga oshirilib, strategik va moliyaviy konsultant xalqaro investitsiya banki Rothschild & Co va moliyaviy konsultant KPMG 100 dan ortiq salohiyatli strategik va moliyaviy investorlar bilan individual muloqotlar olib bordi.
Natijada, AQSh, Yevropa, Arab davlatlari, Yaqin Sharq, Kavkazorti, Sharqiy va Markaziy Osiyo mintaqalaridan 15 ta xorijiy va mahalliy kompaniyalardan qiziqish bildirish to‘g‘risidagi arizalari (EoI) kelib tushdi.
Kompaniyalar moliyaviy yetarlilik, huquqiy to‘siqlarning yo‘qligi, jinoiy daromadlar va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi qonunchilikka rioya qilinishi, Yevropa Ittifoqi, AQSh va xalqaro moliya institutlari sanksiyalari ro‘yxatlariga kiritilmaganligi hamda davlat kompaniyasi maqomiga ega emasligi yuzasidan tahlil qilindi.
Tahlil natijasiga ko‘ra, konsultantlar tomonidan barcha talabgorlarni Majburiyatga ega bo‘lmagan takliflar (NBO) ni taqdim etish bosqichiga o‘tkazish tavsiya etildi.
Davaktiv agentligi “raqobat muhitini kuchaytirish va savdo jarayoni samaradorligini oshirish maqsadida” NBO bosqichi yakunigacha EoI jarayonida ishtirok etish uchun qo‘shimcha ehtimoliy investorlarni jalb qilish huquqini o‘zida saqlab qolishini qayd etgan.
Konsultantlar tomonidan birinchi bosqichda ariza bergan barcha talabgorlarga individual ravishda jarayon xati (Process letter) orqali keyingi bosqich to‘g‘risida batafsil ma’lumot beriladi. Majburiyatga ega bo‘lmagan takliflar (NBO) 2025-yil 15-oktabr soat 23:59 ga qadar qabul qilinadi.
Iyun oyi boshida Mobiuz’ni xususiylashtirish boshlandi. Bloomberg nashrining bitim tafsilotlari bilan tanish bo‘lgan ikki xabardor manbasiga tayanib yozishicha, O‘zbekiston mobil aloqa operatorini $300 mlnga sotishni rejalashtirmoqda.
Kompaniya haqida
Universal Mobile Systems MobiUz Mobiuz brendi ostida GSM, UMTS va 4G LTE standartlarida mobil uyali aloqa xizmatlari va mobil internet xizmatlarini taqdim etadi. 2024-yilda kompaniyaning sof tushumi 2,086 trln so‘mni, abonentlari soni esa 7,8 mln nafarni tashkil etdi.
Kompaniya O‘zbekiston va MTS o‘rtasidagi kelishuv asosida tashkil etilgan, biroq 2016-yilda rossiyalik operator o‘z ulushini sotib yuborgan. 2018-yilda Raqamli ishonch davlat jamg‘armasi, u 2021-yilda tugatilgach, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi UMS egasiga aylandi.
Shavkat Mirziyoyev 2022-yil bahorida tasdiqlangan dasturda UMS’ni xususiylashtirish bo‘yicha topshiriq bergandi. Bir necha oy o‘tgach, Davaktiv agentligi kompaniyani sotish uchun konsultantlar izlashni boshlaganini e’lon qildi.
Joriy yilning aprel oyida prezident davlat aktivlarini, shu jumladan UMSni xususiylashtirish bo‘yicha yangi qarorni imzoladi. Undan biroz oldin esa Davaktiv agentligi direktori Akmalxon Ortiqov yaqin kelajakda mobil aloqa operatorining ulushini “xalqaro ochiq savdolarga” qo‘yish rejalarini ma’lum qilgandi.
Avvalroq, Spot Dehqonobod kaliy zavodining 100% ulushi Asian Chemical Group’ga o‘tkazilgani haqida yozgandi. Uning ta’sischilari xorijiy OV Industrial Investments L.L.C-FZ (51%) va Paynet kompaniyasi (49%) hisoblanadi.