Coinbase bosh direktori Brayan Armstrong 2030-yilga kelib bitkoin qiymati $1 mlnga yetishi mumkinligini ma’lum qildi.
Hozirgi vaqtda bitkoin narxi $114 383 ga teng bo‘lib turibdi. O‘tgan haftada u $124 mingdan oshib, tarixiy yuqori ko‘rsatkichga erishgan edi.
Bunday o‘sish bitkoinning inflyatsiyaga qarshi himoya vositasi va oltin kabi an’anaviy xavfsiz aktivlarga muqobil sifatidagi o‘rnini mustahkamlayotgani haqidagi fikrlarni yanada kuchaytirdi.
“2030-yilga kelib bitkoin narxi $1 mlnga yetadi, deb o‘ylayman”, — dedi Armstrong shu hafta X’dagi postda Cheeky Pint podkastidagi chiqishini e’lon qilar ekan.
Armstrongning kamdan-kam holatlarda aniq narx bashoratlarini e’lon qilishini hisobga olsak, ushbu prognoz alohida e’tiborga loyiq deb hisoblanmoqda.
2021-yilgacha X (ilgari Twitter) kompaniyasini boshqargan va Block (ilgari Square) to‘lov kompaniyasining hammuassisi bo‘lgan Jek Dorsi ham 2030-yilga kelib bitkoin qiymati $1 mlnga yetishi va bu chegaradan ham oshib ketishi ehtimolini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, Keti Vud rahbarligidagi Ark Invest kompaniyasi o‘tgan oyda o‘zining uzoq muddatli bashoratini qayta ko‘rib chiqdi.
Kompaniya institutsional qabul qilinishning o‘sishini asosiy omil sifatida ko‘rsatib, o‘n yillikning oxiriga kelib prognozni $3,8 mlngacha oshirdi.
Ba’zi investorlar jiddiy o‘zgarishlar ertaroq sodir bo‘lishini kutishmoqda. SkyBridge Capital asoschisi Entoni Skaramuchchi 19-avgust kuni CNBC telekanali efirida keyingi besh oy ichida bitkoin $180−200 minggacha ko‘tarilishi mumkinligini aytdi va bu prognoz ham konservativ bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Avvalroq Spot Shimoliy Koreya bitkoin zaxiralari bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinni egallagani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, mamlakat AQSh va Buyuk Britaniyadan keyin bunday natijaga muvaffaqiyatli xakerlik hujumlari orqali erishgan.