Avvalroq, Spot Tadbirkorlar kuni munosabati bilan soha vakillaridan bir guruhi mukofotlangani haqida yozgandi.
20-avgust kuni Yangi Toshkentda mazkur mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev yig‘ilganlarni Tadbirkorlar kuni va yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi. Marosimda davlat rahbari bir guruh tadbirkorlarga faxriy unvonlar, orden va medallarni topshirdi.
Xususan, Anglesey Food (Korzinka) kuzatuv kengashi raisi Zafar Hoshimov “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Akfa Group kompaniyalar guruhi asoschisi, Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.
Shu bilan birga, N‘medov kompaniyalar guruhi taʼsischisi Nurulla Ruzemuxamedov, Chartak Mineral Water ta’sischisi Bahodir Abdurayimov hamda Meridian Tempo rahbari Nuritdin Muxtorxonovlar “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.
Samarkand Garden plast direktorlar kengashi raisi Shuhrat Ergashev, Grand Pharm Trade ta’sischisi Azizxo‘ja Abbosxo‘jayev, Shakhrisabz Med Center ta’sischisi Temur Abidov hamda TBC Uzbekistan bosh direktori Nikoloz Kurdiani va boshqalarga “Do‘stlik” ordeni berildi.
Bundan tashqari, jami 28 nafar tadbirkor “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Bular qatorida Click rahbari Ulug‘bek Rustamov, InFinBank boshqaruvi raisi Olga Numanova, To‘xtaniyoz ota fermer xo‘jaligi boshlig‘i Botirjon Tuxtaniyazov va Datasite Technology va SiteLabs kompaniyalari asoschisi Muzaffar Karabayevlar bor.
Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot
Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvi har yili o‘tkazib kelinadi. Ilk muloqot 2021-yilning 20-avgustida o‘tkazilgan. Aynan mazkur uchrashuvda davlat rahbari bunday tadbirni har yili o‘tkazish va 20-avgustni Tadbirkorlar kuni deb e’lon qilishni taklif qilgandi.
Shu kungacha ochiq muloqotlarda tadbirkorlar tomonidan bildirilgan 1 mingga yaqin taklif va tashabbuslar qonun va qarorlarda o‘z aksini topdi. Bugungi ochiq muloqotga tayyorgarlik davomida 26 ta sohaning 7 mingga yaqin vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Call-markaz orqali 13 mingdan ziyod murojaat va tashabbuslar kelib tushdi.
2022-yilning avgustida tadbirkorlar bilan kechgan ochiq muloqotda davlat rahbari biznes vakillari uchun “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” unvonini ta’sis etish taklifini bildirgandi. 2−24-yilning avgust oyida qabul qilingan tegishli qonun bilan mazkue unvon ta’sis etildi.
Shuningdek, 2022-yildan O‘zbekistonda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni ta’sis etildi hamda 2023-yil birinchi marta jami 126 nafar biznesmen ushbu ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
2024-yilda ham prezident farmoyishi bilan jami 104 nafar biznes vakili “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan. Joriy yilda esa 112 nafar tadbirkor taqdirlandi. Ular orasida Bellissimo Pizza taʼsischisi Farrux Abdullayev, Sales Doctor rahbari Alisher Isayev, O‘zbekiston marketing uyushmasi raisi Diyor Mirzaaxmedovlar bor.