20-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi bunyodkorlik loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shahar qurilishiga 2023-yilda tamal toshi qo‘yilgan. Bugunga kelib ilk inshootlar qad ko‘tarib qoldi. Bunyodkorlik uchun Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan 19,7 ming gektar yer ajratilgan. Loyihaning konsepsiyasi Buyuk Britaniyaning Cross Works kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.
Birinchi bosqichda 6 ming gektar maydonda inshootlar qurilib, 600 ming aholi uchun zamonaviy sharoitlar yaratiladi. Loyiha to‘liq yakunlanganida 2 mln nafar odam yashaydigan makonga aylanadi.
Hozirgi kunda shaharning “tagi” — yerosti muhandislik tarmoqlari qurilmoqda. Xususan, bir va ikki seksiyali kollektorlar yotqizilyapti. Ular orqali markazlashgan issiqlik va suv quvurlari, elektr energiyasi, telekommunikatsiya kabi barcha muhandislik tarmoqlari yer ostidan o‘tkaziladi. Transportlarning erkin qatnovi uchun tunnellar va yerosti turargohlari barpo etiladi.
Har bir loyihada zamonaviy yondashuv, mukammal yechim va yashillik e’tiborga olinmoqda. Bunda, ekologik toza transport tizimi tashkil etiladi. Metro va elektrobuslar harakati muvofiqlashtiriladi. Piyodalar hamda velosipedchilarning to‘siqsiz va xavfsiz harakatlanishi uchun qulaylik yaratiladi.
Hududga 60 dan ortiq davlat idoralari uchun ma’muriy binolar barpo etiladi. Bugungi kunda o‘ndan ortiq vazirlik va idoralar shu yerdagi vaqtincha tashkil etilgan obyektlarda faoliyat boshlagan.
Davlat rahbariga yaqin istiqbolda ko‘zda tutilgan loyihalar haqida axborot berildi.
Shaharga ko‘plab mahalliy va xorijiy investorlar qiziqish bildirmoqda. Bugungi kunda auksionda sotilgan 13 ta tijoriy lotlar bo‘yicha $554 mlnlik investitsiya shartnomalari tuzilgan.
Bu yerda qad rostlaydigan mehmonxona va restoranlar, o‘ziga xos dizayndagi muhtasham binolar tashrif buyuruvchilarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatishi bilan birga shaharni turizm markaziga aylantirishiga ishonch bildirildi.
Hududdagi qurilish jarayonida 160 ming nafar aholining bandligi ta’minlanadi. Kelajakda esa shaharda innovatsion texnologiyaga asoslangan, yuqori daromadli yuz minglab doimiy ish o‘rni bo‘ladi. Buning uchun yangi ta’lim va tibbiyot klasterlari, axborot texnologiyalari xizmatlari va texnoparklar tashkil etiladi.
Prezident loyihalarga investitsiyalar jalb etish, dam olish joylari va xizmatlarni qulay yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Yangi Toshkent qurilishi
2024-yilning mart oyida Toshkent viloyatidagi qariyb 20 ming gektar yer maydonini Yangi Toshkentga o‘tkazish ma’qullandi. Yuqori Chirchiq tumanidan 17,3 ming gektar, O‘rta Chirchiq tumanidan esa 2,4 ming gektar yer ajratilishi belgilandi.
Viloyat hokimi tomonidan imzolangan qarorda Yuqori Chirchiq tumanidan 33 ta (20 tasi to‘liq, 13 tasi qisman) va O‘rta Chirchiq tumanidan 7ta — jami 40ta mahalla (4tasi to‘liq, 3tasi qisman) Yangi Toshkentga o‘tkazilishi kerak edi. Biroq, Davlat kadastrlari palatasi bergan ma’lumotlardan ularning soni 37taga kamayganini ko‘rish mumkin.
Yangi Toshkent hududiga o‘tgan ko‘chmas mulk obyektlarining umumiy soni 19 723 tani tashkil etadi. Shundan 18 773 tasi turar joy, 891 tasi noturar joy hamda 52 tasi ko‘p qavatli uylar hisoblanadi. Oktabrda Yuqori Chirchiq tumanidan yana 110,4 gektar yer direksiyaga ajratib berildi.
O‘tgan yilning aprelida Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent’ning dastlabki binolari qurilishini boshlab berdi. Birinchi bosqich doirasida ikkita OTM kampusi bilan birga, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazini o‘z ichiga olgan majmualar bunyod etiladi.
May oyida Cross Works kompaniyasi tomonidan “Yangi Toshkent” bosh rejasi taqdim etildi. Iyun oyida esa hukumat qarori bilan birinchi tuman qurilishining bosh rejasi tasdiqlandi.
Hududdan o‘tuvchi Chirchiq daryosining 6 km.ga yaqin qismida dam olish hududi barpo etiladi. Buning uchun qirg‘oqlar tartibga keltirilib, ko‘kalamzorlashtiriladi. Mehmonxona, sog‘lomlashtirish va ko‘ngilochar maskanlar quriladi.
Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasining Arxitektura-shaharsozlik departamenti rahbari Jahongir Anvarov Yangi Toshkentning birinchi tumanidagi qurilish ishlari 6−10 yil ichida yakunlanishini Spot’ga ma’lum qilgandi.
Mart oyida Toshkent viloyatidan yana 122 gektar yer Yangi Toshkent hududiga o‘tkazildi. Yuqori Chirchiq tumanining Bordonko‘l hamda Do‘stlik mahallalaridagi yer maydoni doimiy foydalanish huquqi bilan Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasiga ajratib berildi.
Avvalroq Yangi Toshkentning birinchi metro liniyasi qurilishi 2026-yil oxirigacha yakunlanishi haqida xabar berilgandi. Turkiya kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha qiymati $110 mlnni tashkil etib, uning doirasida 8 km uzunlikdagi 3 ta bekatdan iborat metro quriladi.