Uzbekistan Airportsning 6,8 mlrd so‘mlik davlat xaridi qonunchilikka zid tarzda o‘tkazilgani aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Uzbekistan Airports buyurtmachiligida “bodi-kameralarni yetkazib berish, o‘rnatish va ishga tushirish xizmatini ko‘rsatish” yuzasidan o‘tkazilgan davlat xaridida qator qonunbuzilish holatlari sodir etilgani ma’lum bo‘lgan.
O‘rganish davomida ushbu tanlovda ishtirokchilar uchun tanlov hujjatlarida aks etgan talablar asosida takliflar to‘liq va xolis baholanmagani aniqlangan.
Shuningdek o‘zaro affillangan shaxslar (ya'ni o‘zaro bog‘liqlik va manfaatdorlik) ishtirok etganganligi va baholash jarayonida qator xatoliklarga yo‘l qo‘yilgani tasdiqlandi.
Qayd etilgan holat yuzasidan Agentlikning taqdimnomasi asosida xarid komissiyasining g‘olibni aniqlash haqidagi bayonnomalari bekor qilinib, noqonuniy davlat xaridining oldi olindi.
O‘rganish va tahlillar jarayonida to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Avvalroq Spot Uzbekistan Airports yil oxirigacha $100 mlnlik ilk yevrobondlarni joylashtirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Kompaniya tegishli agentlik bilan may oyi o‘rtalarigacha kutilayotgan birinchi kredit reytingini olish bo‘yicha shartnoma tuzdi.