Boltiqbo‘yi mamlakatlaridan O‘zbekistonga transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi sezilarli darajada oshdi. Bu haqda Markaziy bankning 2025 yilning ikkinchi choragidagi mehnat bozoriga bag‘ishlangan hisobotida aytiladi.
Aprel-iyun oylarida mehnat migrantlari O‘zbekistonga $4,8 mlrd miqdorida pul o‘tkazmalari yuborgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21,4% ga ko‘p (2024-yilning ikkinchi choragida — 38,6% ga o‘sish).
Markaziy bank transfertlarning ko‘payishini valyuta kurslarining nisbatan barqarorligi, ish haqining oshishi va mehnat muhojirlari ishlayotgan mamlakatlarda iqtisodiy faollikning yuqori sur’atlari bilan izohladi.
O‘tgan chorakda Boltiqbo‘yi, Yevropa va boshqa bir qator mintaqalardan pul o‘tkazmalarining o‘sish sur’ati boshqa mamlakatlarga qaraganda yuqori bo‘ldi.
Boltiqbo‘yi mamlakatlari — Litva, Latviya, Estoniyadan pul tushumlari o‘tgan yilga nisbatan 65,6% ga o‘sdi. AQSh (+10,3%), Rossiya (+23,7%) va Yevropadan (+26,9%) pul o‘tkazmalarining o‘sishi sekinlashdi, Osiyo mamlakatlaridan (+19%) esa barqarorlik saqlanib qoldi.
Regulyator tashqi bozordagi, xususan, Rossiya, Yevropa va Boltiqbo‘yi mamlakatlaridagi so‘nggi o‘zgarishlar, shuningdek, mehnat migrantlariga bo‘lgan talabning o‘sishi respublikaga pul o‘tkazmalarining ko‘payishida muhim rol o‘ynaganini ta’kidladi. Bu mehnat migratsiyasi oqimi yo‘nalishlari asta-sekin kengayib borayotganidan dalolat beradi, deya xulosa qildi Markaziy bank.
Birinchi yarim yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 27%ga oshib, $8,2 mlrdga yetdi. Bunda ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan $1,8 mlrdga ko‘payib, $8,2 mlrdni tashkil qildi.
Mablag‘larning 78%i Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi — yanvar-iyun oylarida mamlakatdan $6,4 mlrd miqdorida o‘tkazmalar kelib tushgan. Qolgan qismi esa Qozog‘iston, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qirg‘iziston, Litva hamda boshqa mamlakatlardan jo‘natilgan.
Avvalroq Spot O‘zbekiston yetti oy ichida 2024-yilga nisbatan ko‘proq oltin sotgani haqida yozgandi.
Iyul oyida qimmatbaho metall eksporti $1,09 mlrdni, yil boshidan buyon esa $7,58 mlrdni tashkil etdi (yillik o‘sish 80,9%).